Xalqaro boks assotsiatsiyasi 2028-yilgacha bo‘lgan to‘rt yillik sport taqvimi davomida o‘tkaziladigan musobaqalarning to‘liq jadvalini hamda ularga sarflanadigan mukofot pullari miqdorini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, to‘rt yillik sport sikli davomida mukofot pullari uchun 80 million dollardan ko‘proq mablag‘ sarflanishi belgilanmoqda. Unda O‘zbek bokschilarining ulushi qanchalik bo‘lishi nufuzli musobaqalarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, murabbiylar tomonidan olib borilayotgan texnik-taktik mashg‘ulotlar, ishlab chiqilgan maqsadli ko‘rsatkichlar mundarijasiga bog‘liq, albatta.
Ammo davlatimiz tomonidan boks sport turiga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar ushbu mukofotlarda yengilmas bokschilarimizning munosib haqi bo‘lishi lozimligini bildiradi.
Bevosita Ispaniyaning Madrid shahrida o‘tgan IBA Direktorlar kengashi yig‘ilishiga to‘xtalsak. Yig‘ilishdagi muhokamalar asosida kengash qaroriga ko‘ra, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi boks bo‘yicha jahon chempionati har ikki yilda bir marta sportchilar va murabbiylarga beriladigan muhim sovrinlar bilan o‘tkazilishi belgilandi.
Erkaklar o‘rtasidagi turnirlarning mukofot jamg‘armasi har bir musobaqa uchun 10,4 million dollarni, ayollar uchun 4,8 million dollarni tashkil qiladi.
Aytish lozim, boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi navbatdagi jahon chempionati Qozog‘istonning Ostona shahrida joriy yilning 21-sentyabr – 6-oktyabr kunlari o‘tkazilsa, erkaklar o‘rtasidagi navbatdagi jahon chempionati 2025-yilning aprel oyida tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Anjumanda qatnashgan delegatlar fikri va yig‘ilish qaroriga binoan, yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati har yili o‘tkaziladigan tadbirga aylanadi. Shuningdek, har yili mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollaridan iborat o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatlari uyushtirilishiga qaror qilindi. Xalqaro boks assotsiatsiyasining eng yaxshi professional tadbiri bo‘lgan “IBA Chempionlar oqshomi” dunyoning barcha burchaklarida yillik mukofot jamg‘armasi 7 million AQSH dollaridan iborat tarzda davom ettirilishi nazarda tutilmoqda.
2028-yilgacha bo‘lgan to‘rt yillik sport taqvimiga asosan boks bo‘yicha o‘tkaziladigan qit’a chempionatlari har bir qit’ada 1 million dollargacha bo‘lgan mukofot jamg‘armasidan iborat bo‘lishiga qaror qilindi.
Yana bir o‘ziga xos yangilik. Endi boks bo‘yicha jamoalar o‘rtasida ham jahon chempionati o‘tkaziladi. Madrid anjumanida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan yangi loyiha boks bo‘yicha jamoaviy jahon chempionati o‘tkazilishi belgilandi. Ilk jahon chempionati 2024-yilning dekabr oyida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida tashkil etiladi.
Ta’kidlamoq kerakki, bugungi kunda IBA tizimida o‘tkazib kelinayotgan qit’a va jahon chempionatlarida, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi nufuzli musobaqalarda Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalakov, Mujibillo Tursunov singari mahoratli bokschilarga ega mamlakatimiz charm qo‘lqop ustalarining o‘z o‘rni bor. Quvonarlisi, O‘zbekiston terma jamoasi turli yosh toifalarida dunyoning eng kuchli boks jamoalaridan biri sanaladi.
Shu jihatdan, Xalqaro boks assotsiatsiyasi tomonidan e’lon qilingan to‘rt yillik musobaqalar jadvali va uning tegrasidagi tadbirlarda O‘zbek bokschilarining o‘z o‘rni bo‘lishi shubhasiz.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA