Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin dushanba kuni oxirgi besh yil ichida ilk bor Yevropa bo‘ylab safarga chiqib, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen bilan uchrashdi. Muloqotlarning asosiy mavzusi Rossiya – Ukraina ziddiyati bo‘lgan. Yevropa tomoni Xitoy o‘z ittifoqchisi Rossiyaga ta’sir o‘tkazib, Ukrainadagi urushni to‘xtatishi, Erondan kirib kelayotgan qurolni tartibga solishidan umidvorligini bildirdi.

Parijdagi uchrashuv Vladimir Putin yadroviy qurol mashg‘ulotini boshlash haqidagi buyrug‘ini e’lon qilgan bir paytda kechdi. Kreml ushbu amaliyot Yevropa davlatlari so‘nggi vaqtda Ukrainani qizg‘in qo‘llayotgani bilan bog‘liqligini aytgan. Ikki mamlakat rahbari Olimpiya o‘yinlari davrida G‘azodagi vaziyatni nazarda tutgan holda, o‘t ochishni to‘xtatish zarurligi haqida ham gaplashgan.

Shuningdek, yetakchilar o‘zaro savdo munosabatini ham muhokama qilgani ma’lum. Fransiya tomoni Xitoy elektromobillariga, rasmiy Pekin esa fransuz vinolariga qiziqish bildirmoqda.

Atlantika Kengashining “Global China Hub” direktori yordamchisi Mett Gerasim Szinpin Yevropaga safardan uch maqsadni ko‘zlaganiga e’tibor qaratgan: Pekin Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlashi oqibatida buzilgan Yevropa bilan munosabatni tiklash, EIning Xitoyga nisbatan iqtisodiy xavfsizligini yumshatish va yaqin hamkorlari – Serbiya va Vengriya bilan aloqani yanada mustahkamlash.

Makron so‘nggi payt qit’a xavfsizligi bo‘yicha EI mamlakatlar orasida yetakchiga aylandi. U xitoylik hamkasbidan Ukraina masalasida RF Prezidenti Vladimir Putin bilan til topishishga harakat qilishni so‘ragan. Fransiya rahbari fikricha, agar Rossiya Ukraina ustidan g‘alaba qozonsa, Yevropa xavf ostida qoladi. Shuningdek, Moldova, Ruminiya, Polsha, Litva singari qo‘shni davlatlar ham tahlika maydoniga aylanishi mumkin.

Makron NATO va AQSHga tayanishdan ko‘ra, Yevropa o‘z xavfsizlik chizmasini rivojlantirishi zarurligi haqida tobora ko‘proq gapirmoqda. Agar Rossiya front chizig‘ini yorib o‘tgach, Kiyev yordam so‘ragan taqdirda, Fransiya qo‘shinini Ukraina yuborishga tayyorligini takrorladi. Makron Shveysariya joriy yil iyun oyida o‘tkazishni rejalashtirgan tinchlik konferensiyasida Xitoy faol ishtirok etishiga umid bildirgan. Kreml esa ushbu anjumanga taklifni rad etgan.

– Jarayonga Xitoyni jalb etishda davom etish lozim, bu davlat Moskva fikrini o‘zgartirishi uchun eng kuchli ta’sir ko‘rsatadigan xalqaro kuch, – deb yozgan “Le Monde” gazetasi nomi oshkor etilmagan diplomatik manbaga tayanib.

XXR Raisi Kreml bilan yaqin aloqadagi Serbiya va Vengriyaga ham tashrif buyuradi. U 8-may kuni Budapeshtda EI tarkibidagi Xitoyga eng do‘st davlat rahbari Viktor Orban bilan uchrashadi. Siyosati EI a’zolari orasida xavotir uyg‘otayotgan Vengriya Pekin va Moskvaga sezilarli darajada yaqinlashib, Xitoy bilan xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik shartnomasini ham imzolagan.

Shuningdek, 2015-yil “Bir makon, bir yo‘l” loyihasiga qo‘shilib, tashabbusning bir qismiga aylandi. Uchrashuv davomida Budapesht va Belgrad o‘rtasida qurilayotgan tez yurar temir yo‘l qurilishi muhokama qilinishi mumkin.

Sardorbek Poyonov, Yoqubjon Meliboyev, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA