Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahri Barkamol avlod mahallasida tadbirkorlar bilan muloqot qilmoqda.

–Bu yil qish nihoyatda sovuq keldi. Ko‘plab tadbirkorlar bundan qiynalganini bilib turibman. Xususan, respublikada 3 mingta hududiy sanoat korxonasida 7 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmadi. Jumladan, Namangandagi 367 ta sanoat korxonasi 500 milliard so‘mga yaqin mahsulotni ishlab chiqara olmadi. Birgina Namangan tumani sanoatining 26 foizini tashkil qiladigan “Toshbuloq tekstil” korxonasi quvvati 47 foizga pasaygan. Oqibatda 29 mingta tadbirkorning soliq qarzdorligi yil boshiga nisbatan 2 trillion so‘mga oshgan,– dedi Shavkat Mirziyoyev.– Hisob-kitobga ko‘ra, zarur choralar ko‘rilmasa, birinchi  chorakda yalpi mahsulot o‘sishi 1,5 foizgacha pasayishi mumkin. Oldimizda dolzarb vazifa – “qattiq sovuq” oqibatlarini bartaraf etib, biznes faoliyatini tezroq izga tushirish.

Shu bois, iqtisodiyotdagi yo‘qotishlar o‘rnini qoplash va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun bugun Prezidentimiz alohida qaror imzolaganini ma’lum qildi.

1. “Qattiq sovuq”dan qiyinchilik ko‘rgan tadbirkorlarga kredit, soliq, bojxona va boshqa to‘lovlar bo‘yicha yengilliklar beriladi.

Jumladan:

– 2 ming nafar kichik va o‘rta tadbirkorlarning yanvar-martda muddati keladigan 4,7 trillion so‘m kredit to‘lovlari 1 iyunga qadar uzaytiriladi;

Namanganda 73 ta tadbirkorning 130 milliard so‘mlik kredit to‘lovlari uzaytiriladi.

– 29 mingta tadbirkorning 2 trillion so‘m soliqdan qarzini 1 iyulga qadar foizsiz, qo‘shimcha garovsiz va “penya”siz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;

Namanganda 395 ta tadbirkorning 17 milliard so‘m soliq to‘lovlari uzaytiriladi.

– quvvati pasaygan 545 ta sanoat korxonasiga ishlab chiqarishni tiklash

va aylanma mablag‘ uchun 8 trillion so‘m kredit ajratiladi;

Namanganda 44 ta tadbirkorga 65 milliard so‘m kredit ajratiladi.

– nosoz uskunalarni ta’mirlashga kreditlar ajratiladi, ular bo‘yicha 2,5 milliard so‘mgacha kafillik beriladi va kredit stavkasining 4,5 foizi qoplab beriladi;

– 27 mingta tadbirkor uchun davlat mulki ijara to‘lovi 1 aprelga qadar o‘zgarmaydi

va uni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi (tadbirkorlarda 52 milliard so‘m qoladi);

Namanganda 183 ta shunday tadbirkor bor.

– davlat mulkini sotib olgan tadbirkorlar uchun to‘lovlar, foiz va “penya” 1 aprelga qadar to‘xtatib turiladi;

– ishlab chiqarish binolarining har bir yuqori qavati uchun tadbirkorlarga mol-mulk solig‘idan 10 foizdan chegirma beriladi.

 

O‘zA