O‘zbekiston Respublikasi soliq qo‘mitasida Iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.Qudbiyevning Jahon bankining O‘zbekistondagi doimiy vakili Marko Mantovanelli bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Soliq qo‘mitasining Ma’lumotlarni qayta ishlash markazining texnik imkoniyatlari haqida so‘z bordi. Mazkur loyiha Prezidentimizning 2022 yil 25 martdagi “Jahon banki ishtirokidagi “Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

Muloqot davomida markaz quvvatini oshirish istiqbollari, xususan, uskunalari mavjud texnik yechimlarga to‘liq mos keladigan yangi Ma’lumotlarni qayta ishlash markazini yaratish bo‘yicha taqdimotlar namoyish etildi. Yangi quvvatlar yaratilishi nafaqat Soliq qo‘mitasi, balki iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun ham ishlatilishi qayd etildi.

Marko Mantovanelli amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholadi va Jahon banki ushbu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun har tomonlama qo‘llab quvvatlashini ta’kidladi.

Uchrashuv doirasida boshqa qo‘shma loyihalar bilan tanishish bo‘yicha kelgusi rejalar, hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va o‘zaro aloqalarning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, yaqin kunlarda Jahon banki rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifi ham kutilmoqda.

 O‘zA