Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda “O‘zbekbaliqsanoati” uyushmasi raisi o‘rinbosari Maqsud Ostonov uyushma faoliyatining 2022 yildagi ko‘rsatkichlari haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan 2022 yil davomida sohani rivojlantirish maqsadida bir qator yangi loyihalar ishga tushirildi. Xitoy, Vetnam, Turkiya, Rossiya, Germaniya, Vengriya kabi davlatlar tajribalari asosida respublika miqyosida jami qiymati 1,1 trillion so‘m bo‘lgan 289 ta loyiha joriy etildi. 3 ming 250 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Xususan, baliq lichinka va chavoqlarini yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Super baliqlar”, Navoiy viloyatidagi “Goldin layk fish”, Toshkent viloyatidagi “TST fish klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari kabi xo‘jaliklarda bir nechta yangi loyihalar ishga tushirildi.

Mavjud suv havzalaridan samarali va oqilona foydalanish maqsadida sohani intensivlashtirishda Xatirchi tumanida “Youkang Fish Breed”, Yangiyo‘l tumanida “Fish haus”, Pop tumanida “Namangan baliq” hamda “Buloqli marinka baliqlari”,  Oltiariq tumanidagi “Farg‘onabaliq sanoat agro”, Sharof Rashidov tumanidagi “Gold fish agro eksport”, “Nodirxon fish farm” kabi bir qator baliqchilik xo‘jaliklarida intensivlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, yetishtirilayotgan qimmatbaho sovuq suv baliqlari hajmini ko‘paytirish maqsadida quvvati 100 tonna bo‘lgan “Milafshona”, quvvati 200 tonna bo‘lgan “Qandil parvozi fayz”, quvvati 400 tonna bo‘lgan “Sharq balig‘i” hamda “Uchqo‘rg‘on forel” baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan yangi quvvatlar ishga tushirildi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar Toshkent, Namangan, Surxondaryo, Qashqadaryo hamda Farg‘ona viloyatlarida jadallik bilan rivojlantirilib borilmoqda.

Baliq mahsulotlarini qayta ishlashni yanada rivojlantirish maqsadida quvvati 4,4 ming tonna bo‘lgan 7 ta baliqni qayta ishlash hamda quvvati 63,5 ming tonna bo‘lgan 5 ta omuxta yem ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.

Shu bilan birga, aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish ishlari ham hududlardagi hokimiyatlar hamda hokim yordamchilari bilan birgalikda tashkil etilmoqda. O‘tgan yillar mobaynida respublika bo‘yicha 2 ming 600 ta xonadonda intensiv usulda baliq yetishtirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

 

O‘zA