Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ilgari ajratilgan kreditlarning qaytarilishi masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

–Hokimlar bu mablag‘larni qaytarishni o‘ylamasa, oilaviy tadbirkorlik qayerdan bo‘ladi? Axir bu pullar qaytsa, yana tumanning o‘ziga beriladi-ku, – dedi Prezident.

Mutasaddilarga ushbu masalani qat’iy nazoratga olish topshirildi.

Shuningdek, bandlik vaziriga yangi vazirlikka byudjetdan ajratilgan 1,5 trillion so‘mni avvalo eng og‘ir mahallalarda kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Bosh vazir o‘rinbosariga, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birga jalb qilingan 135 million dollarlik kredit liniyasi bo‘yicha og‘ir mahallalar kesimida tadbirkorlik loyihalari paketini shakllantirib, ushbu mahallalarda kamida 50 ming aholini band qilish vazifasi qo‘yildi.


O‘zA