Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash hamda kichik biznesni rivojlantirishga qo‘shimcha sharoitlar yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2023 yil uchun rejalar muhokama qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari kambag‘allikni qisqartirish milliy siyosat darajasiga olib chiqilganini ta’kidladi.

Natijada o‘tgan yilning o‘zida kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushgani, bunda hokim yordamchilari 1 million nafar aholini kasb-hunarga o‘qitib, tadbirkorligini boshlashga ko‘maklashgani, daromadli ish bilan band qilgani muhim omil bo‘lgani qayd etildi.

Shu davrda 200 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilindi, 10 mingta korxona faoliyati kengaytirildi, 11 mingta korxona quvvati tiklandi.

Bu ishlarni 2023 yilda davom ettirish, bandlikni ta’minlash bo‘yicha barcha tarmoq va hudud rahbarlariga aniq topshiriqlar berilgan.

Jumladan, 2023 yilda 5 million nafar aholi bandligini ta’minlash, shu jumladan, 2 millionta doimiy ish o‘rinlarini yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zA