FOTOREPORTAJ

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani “Uzun” davlat o‘rmon xo‘jaligi “Sangardak” bo‘limi hududida kecha, 24 yanvar kuni onasidan ajralib qolgan qo‘ng‘ir ayiq bolasi topildi.

“Uzun” davlat o‘rmon xo‘jaligi hamda “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i xodimlari tomonidan tog‘li hududlarda o‘tkazilgan nazorat ishlari davomida ushbu ayiq bolasining yolg‘iz yurgani aniqlandi. Qishning izg‘irinli kunlarida yolg‘iz qolgan ayiq bolasining ozuqa topishi bir muncha qiyinligi hamda nobut bo‘lishi ehtimoli borligi inobatga olinib, uni munosib sharoitda, malakali mutaxassislar qarovida saqlashga va yolg‘iz qoldirmaslikka qaror qilindi.

O‘rmon nazoratchilari ayiq bolasini “Uzun” davlat o‘rmon xo‘jaligiga olib kelib, vaqtinchalik saqlanib turibdi. Hozirda ayiq bolasi ichimlik suvi, sabzavotlar, o‘rmon mevalari va non bo‘laklari bilan oziqlantirilmoqda.


Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat), O‘zA