O‘zbekiston kurash federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limida o‘tgan yil yakuni bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishgan sportchilar, ularning murabbiylari, milliy sportimizni rivojlantirish, uni targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shganlarni rag‘batlantirish maqsadida “Ardoqlash-2022” taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, sport vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qarori kurashni ommalashtirish, rivojlantirish va dunyoga tanitishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  Qaror ijrosini ta’minlash borasida o‘tgan qisqa vaqt mobaynida qator ishlar amalga oshirildi. Har yil yakunida yaxshi natijalarga erishgan sportchilar, ularning murabbiylari, uni rivojlantirishga va targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shganlarni taqdirlash an’anaga aylanmoqda.

Tadbirda “Yilning eng yaxshi murabbiyi”, “Yilning eng yaxshi sportchisi”, “Yilning eng yaxshi qiz sportchisi”, “Yilning eng yaxshi yosh sportchisi”, “Yilning eng yaxshi yosh qiz sportchisi”, “Yilning eng yaxshi sport hakami”, “Yilning eng yaxshi ayol hakami”, “Kurash sportini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgani uchun”, “Yilning eng yaxshi sport direktori”, “Yilning eng yaxshi jurnalisti”, “O‘zbekiston Bosh prokurori kubogida yaxshi natija ko‘rsatgani uchun”, “2022 yilda jahon chempionatida hakamlik qilgani uchun”  kabi jami 16 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

– “2022 yilda jahon chempionatida hakamlik qilgani uchun” nominatsiyasida e’tirof etilgandim, – deydi xalqaro toifadagi hakam Nokisbay Daniyarov. – O‘tgan yilning sentyabr oyida kurash bo‘yicha Tailandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida, dekabr oyida Hindistonda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida hakamlik qildim. Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi kurashni aholi, shu jumladan, yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

G‘oliblarga O‘zbekiston kurash federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan diplom, statuetka hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA