O‘zbekiston Respublikasi tabiat resurslari vaziri A.Abduhakimov Koreya Respublikasi Atrof-muhit vaziri o‘rinbosari Yu Chechul boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda tomonlar keyingi yillarda O‘zbekiston va Koreya davlatlari o‘rtasida barcha sohalarda bo‘lgani kabi ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishida ham hamkorlik izchillik bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Hozirda Global yashil o‘sish instituti (GGGI)ning Markaziy Osiyodagi yagona ofisi O‘zbekistonda ochilgan bo‘lib, Tabiat resurslari vazirligida faoliyat ko‘rsatmoqda. “KEITI” kompaniyasi ishtirokida samarali amalga oshirilgan “O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha bosh rejani tuzish” texnik ko‘mak loyihasi doirasida 6,6 million AQSH dollariga teng grant loyihasi moliyalashtirish uchun ma’qullandi. Shuningdek, yirik investitsiya loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqilib, Koreya hukumatiga taqdim etildi.

Shuningdek, “Sejin G&E So., Ltd.” kompaniyasi ishtirokida “Toshkent viloyati maishiy chiqindilar poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Energetika vazirliklari bilan kelishuvga erishilgani ham muhim jihat sanaladi.

Tabiat resurslari vazirligi xodimlarining Koreya Respublikasi Atrof-muhit vazirligining Ekologiya sohasida kelajak ilg‘or rahbarlar uchun magistrlik dasturida faol ishtirok etayotgani ham yaqin hamkorlikning yana bir amaliy ko‘rinishidir.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi va Koreya Respublikasi Atrof-muhit vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv Bayonoti imzolandi.

Koreya Respublikasi Atrof-muhit vaziri o‘rinbosari Yu Chechul boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.

Tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Energetika, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi, shuningdek, Toshkent viloyatidagi “Ohangaron” va “Maydontol” maishiy chiqindilar poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish” loyihasining boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etish ko‘zda tutilgan.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA