Ma’lumki, 2023 yilning 1 yanvaridan boshlab yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan barcha uy-joylar issiq suv iste’moli hajmining kamida 25 foizi ushbu ob’ektlarda o‘rnatiladigan quyosh suv isitish qurilmalari orqali qoplanishi talab etiladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonovning ma’lum qilishicha, ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash, madaniyat, turizm, umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, sport inshootlari, lokal isitish issiqlik tizimiga ulanadigan ko‘p xonadonli uy-joylar, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlari, barcha savdo-ko‘ngilochar markazlarini loyihalashtirish va ishga tushirishda issiq suv iste’moli hajmining kamida 25 foizi ushbu ob’ektlarda o‘rnatiladigan quyosh suv isitish qurilmalari orqali qoplanishi talab etiladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish ko‘zda tutilmagan ob’ektlar bo‘yicha loyiha hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilmaydi va qurilish ishlarini boshlashga ruxsat berilmaydi.

Shuningdek, joriy yilning 16 yanvaridan e’tiboran Shaharsozlik norma va qoidalarining majburiy xarakterga o‘tkazilgan ayrim talablari o‘zgardi. Endilikda barcha turdagi jamoat binolari va 3 qavatdan yuqori bo‘lgan turar-joy binolari vestibyullari, yo‘laklari, zinalari, lift oldi maydonchalari va bino atrofini yoritishda harakat sezuvchi qurilmalarni qo‘llash zarurligi belgilangan.

Bu yoritishga sarflanadigan elektr energiyasini 30-50 foizgacha kamaytiradi. Shuningdek, xonadagi radiatorlarga haroratni boshqaruvchi termostatlar o‘rnatilishi, radiatorda to‘planib qolgan havoni chiqarib yuboruvchi ventillar bo‘lishi talab etiladi. Ko‘p xonadonli uylarning tashqaridan kirish eshiklari ichki tomonidan issiqlik izolyatsiyalangan bo‘lishini hamda germetik-berk yopilishini ta’minlash kerak.

Ushbu uylarning kirish yo‘laklaridagi eshiklariga o‘zi yopiluvchi mexanizmlar, ya’ni dovodchiklar hamda berk yopilishini ta’minlovchi germetik vositalarni o‘rnatish orqali binodagi issiqlik manbaini saqlab qolishga erishish mumkin. Shuningdek, kirish yo‘laklaridagi derazalarni energiya samaradorlariga almashtirish ham e’tibordan chetda qoldirilmaydi.

Shaharsozlik norma va qoidalarining “Qurilish issiqlik texnikasi” talablariga muvofiq, bino devorlarida issiqlik izolyatsion materiallarni uning tashqarisidan joylashtirish kerak. Bunda, samarali issiqlik izolyatsion materiallardan, masalan, bazalt plitalaridan foydalanish talab etiladi.

Xonalarning pol qismida issiqlik va tovush izolyatsiyasini ta’minlashda yuk ta’sirida siqilmaydigan, standart talablarga mos keladigan qattiq izolyatsion materiallar, masalan, ekstruziyalangan ko‘pik polistirol ishlatilishi maqsadga muvofiq. Binolarga tashqaridan kirishda uzunligi 1,2 metrdan kam bo‘lmagan, nogironlar uylarida esa uzunligi 1,6 metr, eni 2,2 metrdan kam bo‘lmagan tamburlar o‘rnatiladi.

Shu bilan birga binolarda quvvati boshqariladigan, shu jumladan avtomatik ravishda isitish, shamollatish va konditsiyalashtirish tizimlarini qo‘llash, energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan isitish-shamollatish va sovutish uskunalarini qo‘llash, koditsiyalashtirish uchun tabiiy sovuqlik manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiy jihatdan samarador ikkilamchi va qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan foydalanish normativ talablarda keltirib o‘tilgan.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA