Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri va viloyatlarimizda umumta’lim maktablari onlayn yoki oflayn tarzda ishlashi bo‘yicha ota-onalarga ma’lumotlar yetkazildi.

…Rasmiy xabarlarga qaraganda, joriy yilning 23 yanvar — dushanba kunidan barcha bog‘cha, maktab, professional ta’lim muassasalari, Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, akademik litsey va oliy o‘quv yurtlarida an’anaviy tarzda o‘qishlar boshlanishi rasman e’lon qilindi.

Lekin, shu joyda bir masalaning e’tiborga olinmay yoki oxirigacha o‘ylanmay, qarorga kiritilayotganligi noto‘g‘ridek?! Bu maktabgacha ta’lim muassasalari bilan bog‘liq masala. Chunki mantiqan olib qaralganda, MTMlarga 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar borishadi. Bilamizki, bugungi kunda MTMlarga bolalarni qamrab olish davlat siyosati darajasiga olib chiqilgan. Shunday ekan, odatda ota-onalar o‘z farzandlarini o‘zlari yashaydigan yaqin hududda joylashgan MTMlarga topshirib, bemalol ishga ketishadi. Lekin bugungi yuzaga kelayotgan noqulay vaziyatda hal etilishi lozim bo‘lgan aynan shu zarur masala yechilmaganligicha qolib ketgandek.

Ma’lumki, barcha tashkilot, idoralarda maktab va bog‘chalarga berilgan ta’til davlat idoralari ishchi xodimlari uchun amalda emas, hamma o‘z ishi bilan band, ishlayapti. Tabiiyki, davlat tashkiloti va idoralarida ishlaydigan xodimlar orasida yosh bolali oilalar ham bor. Hali ayrim bog‘chalar bolalarga talab darajasida shart-sharoit (isitish tizimi va suv ta’minoti) bo‘lmaganligi uchun ish faoliyatini boshlay olmayotganligi sabab ota-onalar qanday yo‘l tutishni bilmay boshi qotgan. Chunki bog‘cha yoshidagi bolasiga uyda qaraydigan odami yo‘q, ish xonasiga olib bora olmaydi. To‘g‘ri, sanoqli bo‘lsa ham ayrim tashkilot rahbarlari ushbu vaziyatni to‘g‘ri va odilona anglagan holda o‘z xodimlarini qo‘llab-quvvatlab, onlayn rejimida ishlash imkoniyatini berdi. Lekin bu hamma tashkilot shunday ish qildi, degani emas.

Shu va shunga o‘xshash vaziyatlarni e’tiborga olib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasman qaror chiqarsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. bugungi kunda o‘quv jarayonlarini boshlash uchun qaror chiqarish hokimliklarga berildi. To‘g‘ri, bu ham har bir tuman o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, ish qilishi kerak bo‘lgan to‘g‘ri qaror. Biroq, Vazirlikning rasmiy munosabatini bildirmay turganligi sabab, davlat tashkilotlarida ishlovchi yosh bolali ota-onalar oldida yuqoridagi kabi tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda.

Bunday vaziyatlar yuzaga kelmasligi uchun Vazirlik MTTlarning ish faoliyatini an’anaviy tarzda boshlanish-boshlanmaslik yoki boshlansa ham (jadval asosida) vaziyatni atroflicha o‘rgangan holda o‘z munosabatini bildirishini ko‘p sonli ota-onalar nomidan kutib qolmoqda.

 

 

Gulniso Saidova,  

Ayollar va yoshlarning siyosiy faolligini 

oshirish boshqarmasi boshlig‘i