Ma’lumki, firibgarlik o‘zganing mulkini yoki mulkga bo‘lgan huquqini aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritishdir. Xo‘sh, qonunchilikka ko‘ra, firibgarlik uchun qanday jazo turlari mavjud?

Mazkur savol yuzasidan huquqshunos Iroda Qahhorova quyidagilarni ma’lum qildi.

– Qonunchilikda belgilangan tartibda firibgarlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Jinoyat kodeksiga ko‘ra, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga  BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (15 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha) miqdorda jarima qo‘llaniladi.

Shuningdek, firibgarlik sodir etgan shaxslar 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash hamda 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Firibgarlikning miqdori, takroriyligi, sodir etgan shaxslar, sodir etish vositasidan kelib chiqib javobgarlik chorasi og‘irlashishi mumkin.

Firibgarlik kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha (30 mln so‘mdan 90 mln so‘mgacha) miqdorda jarima qo‘llaniladi yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Firibgarlik xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha (90 mln so‘mdan 120 mln so‘mgacha) miqdorda jarima, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari,  muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Firibgarlik uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha (120 mln so‘mdan 180 mln so‘mgacha) miqdorda jarima, 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

 

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi,  

O‘zA