Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijasida qulupnayning uchta yangi navi yaratildi.

Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, issiqxona hamda ochiq maydonda yetishtirish uchun mo‘ljallangan, yilning 5-6 oyi davomida hosil beradigan, hattoki, yozning issiq kunlariga bardoshli “Dildor” navi, yil davomida ochiq maydonda bir marta hosil beradigan “Kamola” va “Dilnoz” navlari mahalliy seleksiya yo‘li bilan yaratilgan. Shu bilan birga ushbu navlarning ko‘chatlarini yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, respublika hududlarida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reyestrida qulupnayning “O‘zbekistanskaya”, “Kulver”, “Tashkentskaya”, “Muto” (Krimskaya), “Zenga-Zengana” navlari mavjud bo‘lib, 2014 yilda “O‘zbekiston go‘zali”, 2018 yilda introduksiya qilingan qulupnayning “Beautiful”, “Redgountlet”, “Kobra”, 2020 yilda “Medvey” navlari Davlat reyestriga kiritilgan.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida qulupnayzorlar keng miqyosda tashkil etilib, maydonlari kengaymoqda. Qulupnay hatto Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham yaxshi o‘sib, yuqori hosil bermoqda. Shuningdek, institut olimlari aholi iste’moli va fermerlarga tavsiya qilish uchun shaftoli, olxo‘ri, limon, oltinsimon qorag‘at mevalaridan sukat tayyorlamoqda.

 

O‘zA