Ma’lumki, 2021 yil 1 iyuldan boshlab “E-qaror” elektron tizimi orqali hokimliklarning qarorlari qabul qilib kelinmoqda. bugungi kunda ushbu tizim jamoatchilik nazorati uchun samarali mexanizmlardan biriga aylandi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 21 dekabrdagi «Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan joriy yil 1 yanvardan boshlab sinov tariqasida Adliya vazirligining buyruqlari ham “E-qaror” orqali qabul qilinishi belgilangan.

Shunga muvofiq Adliya vazirligi tizimida idoraviy hujjatlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va e’lon qilish boshlandi.

Kuni kecha tizim orqali qabul qilingan Adliya vazirining dastlabki buyrug‘ida vazirlikning 2023 yil uchun sarf-xarajatlar smetasining maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) kesimida shakllantirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Adliya vazirligi tizimidagi sinov natijalariga ko‘ra, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari buyruq, qaror va farmoyishlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va e’lon qilishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

Vazirlik va idoralarning ma’muriy hujjatlarini jamoatchilik uchun ochiq tarzda qabul qilinishi ular faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga xizmat qiladi.

 

O‘zA