Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Mavlonbek Doschanov sohaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, respublikamizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlar ro‘y berganda aholi va hududlarni muhofaza qilishni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan tunu-kun profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Shunga qaramasdan yong‘inlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning sodir bo‘layotgani kuzatilmoqda. Joriy yil 15 yanvar kuniga qadar yuz bergan yong‘inlar soni o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar oshganligi kuzatildi.

Yong‘in kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda, aksariyat hollarda aholi yashash joylaridagi yong‘inlar gaz va elektr isitish moslamalaridan foydalanishda texnika, yong‘in va elektr xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasligi oqibatida kelib chiqayotgani ma’lum bo‘lgan.

Ob-havo haroratining pasayib borishi natijasida gaz, elektr va boshqa turdagi muqobil yoqilg‘i isitish moslamalaridan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj ortib boradi. Bunday paytlarda isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida ko‘ngilsiz hodisalar sodir bo‘lishi hamda yong‘inlar bilan bog‘liq turli favqulodda vaziyatlarga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, fuqarolardan  turli ko‘ngilsiz hodisalarni oldini olish maqsadida gaz uskunalaridan va isitish moslamalaridan foydalanishda yong‘in va xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish hamda qo‘lbola va nosoz gaz hamda elektr isitish moslamalaridan foydalanmaslik so‘raladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA