So‘nggi yillarda tabiiy monopoliya sub’ektlari sonini 151 tadan 129 taga qisqartirishga erishildi, yirik davlat monopoliyalari, bozor ishtirokchilari hamda davlat organlarining 14,5 mingta raqobatsiz harakatlari bartaraf etildi. Bu orqali 37 mingta tadbirkorning qariyb 380 milliard so‘mga teng manfaatlari himoyalandi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida qayd etildi. Unda deputatlar mamlakatimizda raqobat muhitini yanada rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yuborilgan Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Sh.Shorahmetovning javobini atroflicha ko‘rib chiqdi.

Parlament so‘roviga javobda qayd etilganidek, mamlakatimizda olib borilgan islohotlar natijasida oxirgi besh yilda raqobat muhitini yanada rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish borasida salmoqli ishlar qilindi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan 2022 yilda regulation.gov.uz va project.gov.uz portali orqali respublika bo‘yicha kelib tushgan jami 2 ming 607 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari (ex-ante) raqobat muhitiga ta’siri yuzasidan o‘rganilib, qo‘mitaning tegishli xulosalari berilgan. Shundan 248 ta loyihada monopoliyaga qarshi qonunchilik hujjatlari talablariga zid normalar belgilanishi nazarda tutilayotgani aniqlangan.

Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda davlat boshqaruv organlari tomonidan qabul qilingan 647 ming 184 ta amaldagi normativ-huquqiy va boshqa qabul qilingan hujjatlarni (ex-post) raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik normalariga muvofiqligi xatlovdan o‘tkazilgan. Xatlov natijasi bilan 521 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Buning natijasida 76 ta mahalliy davlat hokimiyati organlariga hamda 9 ta davlat organlarining hududiy boshqarmalariga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilib yurituvga olingan holda 100 dan ortiq hujjatlar bekor qilingan.

Shu bilan birga, 2022 yilda 50 ta korxona va tashkilotda, jumladan, 15 ta tabiiy monopoliya sub’ektlarida, 28 ta tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda, 7 ta korporativ buyurtmachilarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy qilingan.

Parlament so‘rovida keltirilganidek, 2022 yil yakuni bo‘yicha davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan o‘tkazilgan 31 ming 385 ta tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borilgan. Natijada davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan o‘tkazilgan 6 ming 121 ta savdolar jarayonida 8 ming 610 ta raqobatga zid holatlar aniqlangan.

O‘tkazilgan o‘rganishlarda tovar moddiy boyliklarni xarid qilishda nazoratga olingan savdolar 7 ming 475 tani tashkil etib, shundan 3 ming 101 ta holatda xato va kamchiliklar aniqlangan. Qurilish rekonstruksiya ta’mirlash ishlarida nazoratga olingan savdolar 12 ming 873 tani tashkil etib, shundan 4 ming 205 ta holatda xato va kamchiliklar aniqlangan. Xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi 11 ming 37 ta xaridlardan, 1 ming 304 ta holatda xato va kamchiliklar borligi ma’lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunlar talablariga rioya etilishi yuzasidan 2022 yilda iqtisodiy tarmoq sohalarida o‘rganishlar o‘tkazilib, iste’molchilardan jami 132 milliard so‘mdan ortiq olingan asossiz daromadlar aniqlangan. Hozirgi kunga qadar 2022 yilda 209 ming 725 ta iste’molchilarning 88,8 milliard so‘mlik manfaatlari himoya qilinib, 32 milliard so‘m qayta hisob-qitob qilingan.

Hududlardagi savdo yarmarkalari faoliyati muntazam nazorat qilinib, yarmarka rastalariga 48 turdagi mahsulotlar chakana savdosi tashkil etilgan, yarmarka savdolaridagi mahsulotlar narxlari o‘rtacha bozor narxlariga nisbatan 12-37 foizgacha arzonroq sotilishi tashkillashtirilgan. Iste’molchilarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri arzon narxlarda yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi 226, Andijon viloyatida 30, Buxoroda 136, Jizzaxda 30, Qashqadaryoda 240, Navoiyda 38, Namanganda 156, Samarqandda 40, Surxondaryoda 245, Toshkent viloyatida 292, Farg‘onada 137, Xorazmda 44 ta, Toshkent shahrida 311 ta qo‘shimcha joy ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Majlisda deputatlar parlament so‘roviga yuborilgan javobni atroflicha muhokama qilib, uni ma’lumot uchun qabul qildi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA