RASMIY MUNOSABAT

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda elektroset xodimiga nisbatan pichoq bilan tahdid qilinganligi qayd etilgan video tarqaldi.

Mazkur holat bo‘yicha «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ quyidagilarni ma’lum qiladi.

«Joriy yilning 16 yanvar kuni soat taxminan 21:30 atrofida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Toshkent hududiy filialining Chirchiq elektr ta’minotiga qarashli dispetcherlik xizmati xonasida Chirchiq shahar elektr ta’minoti korxonasi xodimi I.Xolmedovga nisbatan mahalliy aholi tomonidan elektr energiyasi yo‘qligidan e’tiroz bildirilib, tazyiq o‘tkazilgan. Xususan, N. V. ismli ayol o‘zi bilan olib kelgan xo‘jalik pichog‘i yordamida I. Xolmedovning bo‘yin sohasiga o‘qtalib, uning hayotiga tahdid qilgan.

Chirchiq SHETK dispetcherlik xizmatiga biriktirilgan Chirchiq shahar IIB xodimlari tomonidan noxush hodisaning oldi olinib, hozirda ushbu holat yuzasidan birlamchi surishtiruv-tergov harakatlari olib borilmoqda.

I.Xolmedovga birinchi tibbiy psixologik yordam ko‘rsatilib, tan jarohati yetkazilmagani aniqlangan», deyiladi rasmiy munosabatda.

 

O‘zA