Davlat byudjetidan samarali foydalanish, byudjet ochiqligini ta’minlash muhim masalalardandir.

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ayni maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Qonun loyihasi bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan.

“Mamlakatimizda Davlat byudjeti xarajatlarining samaradorligini oshirish, byudjet qonunchiligi buzilishining profilaktikasini kuchaytirish, masofaviy moliyaviy nazoratni kengaytirish, zamonaviy axborot texnologiyalari hamda ma’lumotlar bazasi vositasida tekshirish ob’ektlari va maqsadlarini aniqlash yo‘li bilan kam samarali taftishlarni qisqartirish, shuningdek, davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – dedi deputat J.Qosimov. – Shu bilan birga, vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari tomonidan o‘tkaziladigan masofaviy audit tadbirlari ko‘lami, sifatini oshirish, ichki audit xizmatlariga xavflarni aniqlash, ularning oldini olish imkoniyatlarini kengaytirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan normalar yanada takomillashtirilishi lozim. Qonun loyihasida belgilanayotgan normalar Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi jarayonidagi yuzaga kelayotgan noaniqliklarni bartaraf etishga hamda byudjet jarayonlari ochiqligini ta’minlashga xizmat qiladi”.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

M.Komilova, O‘zA