Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar tashkil etilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

“Mazkur qonun loyihasi Prezidentimizning «Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, bir guruh deputatlarimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Tursunoy Murodova. – Unga ko‘ra, Prezidentimizning yuqoridagi farmoniga muvofiq, Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) idoralararo komissiyalari tegishlicha Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya, Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) komissiyalari etib qayta tashkil etildi. Biroq, amaldagi qonun hujjatlarida «voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar» tushunchasi ishlatib kelinmoqda. Bu esa yangi tashkil etilgan Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar tomonidan o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni qonunchilik asosida to‘liq amalga oshirishda hamda huquqni qo‘llash amaliyotida tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Mehnat, Oila kodekslari hamda “Prokuratura to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlaridagi “Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar” “Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar” nomiga o‘zgartirish nazarda tutilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlashga va ular faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

M.Komilova, O‘zA