Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida «Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishlariga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qizg‘in muhokama qilindi.

“Ta’lim sohasini isloh etish, buning uchun o‘qituvchilarning jamiyatda eng obro‘li qatlamga aylantirish orqali yurtimizni yanada rivojlantirish mumkin, – dedi deputat G‘ayrat Abdiyev. – Zero, jamiyatda inson resursini shakllantirishda o‘qituvchilarning o‘rni beqiyos. Keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar tufayli o‘qituvchilarning ishga, hayotga munosabati tubdan o‘zgarib, ular doimiy izlanib, yangilikka intilib yashamoqda. Ammo shunga qaramay, hali-hanuz pedagoglar mahalla va boshqa jamoat tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar, ko‘rgazmalarni tashkil etish, tuman va shahar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish kabi o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etilmoqda. Xususan, so‘nggi uch yilda 350 nafarga yaqin pedagoglar majburiy mehnatga jalb etilgan. Bu kabi noto‘g‘ri amaliyotning shakllanganligi esa maktablarda pedagoglarning ta’lim berish jarayonlariga to‘liq tayyorlanish, o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish ishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Shu bois qonun loyihasi bilan endilikda pedagoglarni biron-bir shaklda ma’muriy tarzda boshqa ishlarga majburlash bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Hatto 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilinadi yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Qonunga xilof ravishda pedagoglarning kasbiy faoliyatiga aralashish yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor uchun esa 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar qator aniqlashtiruvchi savollar bilan murojaat qildi, o‘z fikr va takliflarini bildirdilar. Ta’kidlandiki, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi ta’lim muassasasining pedagog xodimini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni yanada kuchaytiradi.

Muhokama va bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.

 

 

Muhtarama Komilova, O‘zA