Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan bugungi sinovli kunlarda aholini tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, yuzaga kelgan har qanday avariya holatlarining oldini olish yuzasidan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qiyin sharoitda, ob-havoning keskin sovib ketishi bilan bog‘liq vaziyatda xonadonlar gaz tarmog‘idan uzilmaydi.  Tabiiy gazdan qarzdorligi bor, to‘lashga imkoniyati yo‘q, tarmoqdan qachon uzar ekan, deb xavotirda yashab kelayotgan  kam ta’minlangan xonadonlar davlatimiz e’tiborida va g‘amxo‘rligida.

Hech bir xonadon gaz tarmog‘idan uzilmasligini hisobga olgan holda, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni qishdan betalafot olib chiqish maqsadida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida tabiiy gazdan qarzdorligi bo‘lgan 663 xonadonning 858,6 million so‘mlik qarzdorligi davlat tomonidan to‘lab beriladi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA