O‘zbekistonda 2023 yilda soliq to‘lovchilar uchun qator yangiliklar joriy etildi. Xususan, soliq stavkalari pasaytirildi, majburiyatlar kamaytirildi, talablar yengillashtirildi. Umuman olganda soliq to‘lovchilar manfaatiga xizmat qiluvchi normalar joriy qilindi. Misol uchun, 2019 yilning oktyabrida 20 foizdan 15 foizga tushirilgan qo‘shimcha qiymat solig‘i, bu yilda 12 foizga pasaytirildi.

Natijada soliq to‘lovchilar ixtiyorida yiliga 14 trillion so‘m miqdorida mablag‘ qolishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, aylanmadan olinadigan soliqning 4 foizidan 25 foizigacha bo‘lgan stavkalari pasaytirilib, yagona 4 foiz stavka etib belgilandi. 4 foizdan past bo‘lgan 3,2,1 foiz stavkalari o‘zgarishsiz qoldirildi. Shuningdek, qoplanadigan (qaytariladigan) QQS summasining asosliligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish muddatlari 60 kundan 30 kungacha qisqartirildi.

Aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar uchun yangilik faqat bu emas. Endilikda aylanmadan olinadigan soliqni stavkalarda emas, tadbirkor o‘z ixtiyoriga ko‘ra, qat’iy belgilangan summada to‘lashi ham mumkin. Misol uchun tadbirkorning jami daromadi 500 million so‘mdan oshmaganda, yiliga 20 million so‘m, 500 million so‘mdan oshganda esa, yiliga 30 million so‘m soliq to‘laydi. Masalan, daromadi 500 million so‘mgacha bo‘lgan tadbirkor yiliga 20 million so‘m to‘lashini hisobga olishini inobatga olsak, bir oylik to‘lovi 1 million 666 ming so‘mdan oshadi. 30 million so‘mniki esa 2 million 500 ming so‘m atrofida bo‘ladi.

Qat’iy belgilangan summada soliq to‘lovchi tadbirkor korxonasi uchun buxgalter yollashi shart bo‘lmaydi. Qolaversa, moliyaviy va aylanmadan olinadigan soliq hisobotini taqdim etish majburiyatidan ozod bo‘ladi. Shuningdek, bank hisobvarag‘idan dividend tarzda yechib olinadigan mablag‘lar soliqqa tortilmaydi.

Shuni alohida aytish joiz, ipoteka krediti asosida uy-joy olganlar kredit to‘lagan mablag‘ining ma’lum qismidan foydalana olar edi. Misol uchun ilgari fuqarolar to‘lagan ipoteka kreditining 15 million so‘m miqdori uchun daromad solig‘idan imtiyozga ega bo‘lar edi. Shu bilan birga mazkur imtiyozdan foydalanish uchun turar joyning narxi 300 million so‘mdan oshmasligi lozim edi.

Endilikda ko‘chmas mulkning narxi bo‘yicha talab bekor qilindi. Shu bilan birga imtiyoz qo‘llaniladigan summa 15 million so‘mdan 73 million 600 ming so‘mga oshirildi. Bunda yiliga ipoteka krediti uchun to‘lanadigan 73 million 600 ming so‘mning 12 foizi, ya’ni 8 million 832 ming so‘m daromad solig‘ini qaytarib olishi mumkin.

Foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, aksiz solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha o‘zgarishlar kiritilgan. Xususan, 2023 yilning 1 aprelidan quyidagilar bo‘yicha berilgan imtiyozlar bekor qilinadi.

Jumladan, byudjet mablag‘lari hisobidan har yillik mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlari doirasida ko‘rsatiladigan geologiya xizmatlari bo‘yicha aylanma, pochta markalari, markali otkritkalar, konvertlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, byudjet mablag‘lari hisobidan bajariladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma bekor qilinadi.

Shuningdek, 2023 yil 1 iyuldan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining qo‘riqlash bo‘linmalari xizmatlari bo‘yicha taqdim etilgan imtiyozlar ham bekor qilinadi.

Joriy yilda uy-joy va avtomobil ijarasi bo‘yicha minimal stavkalar oshadi. Shuningdek, aksiz solig‘i bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, 2023 yil 1 fevraldan neft mahsulotlari hamda ishlab chiqariladigan alkogol va tamaki mahsulotlari bo‘yicha aksiz solig‘i stavkalari 10 foizga indeksatsiya qilindi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab alkogol mahsulotlarini (kuchsiz alkogolli ichimliklar bundan mustasno) ishlab chiqarishda aksiz solig‘i aksiz to‘lanadigan mahsulot tarkibidagi etil spirtining ulushidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi. Bunda ishlab chiqariladigan alkogol mahsulotining o‘lchov birligi “litr” deb belgilanadi (ilgari “dal” edi).

2022 yilda aroq, konyak va boshqa alkogol mahsulotlariga aksiz solig‘i stavkasi 1 dal uchun 138 000 so‘m (yoki 1 litr uchun 13 800 so‘m) miqdorida belgilangan edi.

2023 yilda ushbu mahsulotlarga aksiz solig‘i stavkasi aksiz to‘lanadigan tovar tarkibidagi suv qo‘shilmagan etil spirtining 1 litri uchun 34 ming 500 so‘m miqdorida belgilanmoqda.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA