Ma’lumki, Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlaridagi yuqori uchlik tarkibiga kiruvchi «Fusionex Group» Malayziyaning eng yirik IT kompaniyasi hisoblanadi. U katta ma’lumotlar bazasi bilan ishlash (big data analysis), sun’iy ongni (artificial intelligence) joriy etish, sanoat tarmog‘ida ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, savdo operatsiyalarini raqamlashtirish va xizmat ko‘rsatish sohasida dasturiy ta’minot ishlab chiqarishi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatadi.

Kompaniya Malayziyaning raqamli infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, «Digital Free Trade Zone» kabi yirik loyihalarni ishlab chiqishda ishtirok etgan. U «Microsoft», «IBM», «Dell», «HP», «Cisco», «Nintex», «Telecom Malaysia» singari yirik va mashhur kompaniyalar bilan ishlash tajribasiga ega.

Mazkur yirik kompaniya bilan IT Park Uzbekistan o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish axborot texnologiyalari sohasida katta natijalarni qo‘lga kiritish, ilg‘or xorijiy tajribalarni ommalashtirish imkonini beradi.

IT Park Uzbekistan direktori Farhod Ibragimov va Malayziyaning “Fusionex Group” kompaniyasi dasturlar bo‘yicha direktori Reymond Li o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shu jihatlarga e’tibor qaratildi.

Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan uchrashuvda F.Ibragimov Malayziya tomoniga O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, “IT Park Uzbekistan”da uning rezidentlari va xorijiy kompaniyalar uchun beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarni taqdim etdi.

Shuningdek, taqdimotda “IT Park Uzbekistan”ning 2018-2022 yillardagi faoliyatiga, axborot texnologiyalari xizmatlari eksporti o‘tgan yilda 100 million AQSH dollarini tashkil etgani va 2028 yilgacha ushbu ko‘rsatkichlarni 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilganligi to‘g‘risida ham atroflicha fikr yuritildi.

Muzokaralar davomida “IT Park Uzbekistan” va “Fusionex Group” kompaniyasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, xususan, biznes jarayonlarini autsorsing (Business Process Outsorcing – BPO) qilishda O‘zbekiston tomonining xizmatlaridan foydalanish yuzasidan ham fikr almashildi.

Shuningdek, muloqot chog‘ida “Fusionex Group” vakillari tomonidan O‘zbekistonda “Raqamli erkin savdo zona”sini (Digital Free Trade Zone) tashkil etish loyihasining real vaqt rejimidagi taqdimoti o‘tkazildi. Uchrashuv natijasida tomonlar o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi  istiqbollarini puxta o‘rganib chiqishga kelishib oldi.


O‘zA