BMTning ma’lum qilishicha, dunyoning 15 ta mamlakatida 5 yoshgacha bo‘lgan 30 milliondan ziyod bola to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda, ularning kamida 8 millioni ochlikdan nobud bo‘lishi mumkin. Bu haqda BMTning yangiliklar saytida keltirilmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, dunyo bo‘yicha to‘yib ovqatlana olmayotgan bolalar soni tobora ko‘payib bormoqda. Bu jarayon iqlim falokatlari, qurolli mojarolar, pandemiya oqibatlari hamda hayot kechirish tobora qimmatlashib borayotgan sharoitda ayniqsa tezlashmoqda. Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar ham borgan sari qimmatlashib bormoqda.
Mazkur masala bo‘yicha yaqinda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Qochqinlar masalasi bo‘yicha BMTning oliy kamissarligi, BMTning Bolalar jamg‘armasi, Jahon oziq-ovqat dasturi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti birgalikda qo‘shma bayonot e’lon qildi. Unda bolalar ocharchiligi falokatga aylanib ketmasidan burun unga qarshi kurashning global rejasini hayotga joriy qilishni tezlashtirish lozimligi aytiladi.
Mazkur reja oziq-ovqat inqirozi surunkali davom etayotgan mamlakatlar, jumladan, Afg‘oniston, Burkina-Faso, Chad, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Gaiti, Keniya, Madagaskar, Mali, Nigeriya, Somali, Janubiy Sudan, Sudan va Yamanda bolalar orasida to‘yib ovqatlanmaslik holatlarini aniqlash, ocharchilikning oldini olish va ularni davolashga qaratilgan.
«Aftidan 2023 yilda vaziyat yanada yomonlashadi, — deydi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori Syuy Dun’yuy. — Biz kichkina bolalarni hamda homilador va go‘daklarini oziqlantirayotgan ayollarning to‘liq ovqatlanishini ta’minlashimiz lozim.
Bolalarning hayotini asrab qolish va to‘yib ovqatlanmasligining tub sabablariga barham berish uchun kuchlarni birlashtirib imkon qadar tez choralar ko‘rishimiz lozim», deydi u.