Uganda hukumati va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mamlakatda Ebola bezgagi epidemiyasi nihoyasiga yetgani haqida e’lon qildi. Ebola bezgagi epidemiyasi Ugandada o‘tgan yili sentyabrdan buyon 55 kishining yostig‘ini quritdi, jami 142 kishi kasallangan.

Uganda sog‘liqni saqlash vaziri Jeyn Rut Asengning bayonot berishicha, mamlakat epidemiyani bartaraf qila oldi. Virusga uchragan eng so‘nggi bemor 30 noyabrda kasalxonani tark etgan. Shundan buyon yangi bemor aniqlangani yo‘q.

Ebola bezgagining hozirgi epidemiyasi  mamlakatning sog‘liqni saqlash tashkilotlari uchun haqiqiy sinov bo‘ldi, chunki bu galgi epidemiya virusning Sudan shtammi bo‘lib, unga qarshi tasdiqlangan vaksina hali mavjud emas, deyiladi xabarda.

JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus Ugandani “Ebola bezgagi epidemiyasini bartaraf qilishda erishgan muvaffaqiyati” bilan tabriklagani aytilmoqda.

Ugandada jami yetti marta Ebola bezgagi epidemiyasi tarqalgan, ularning beshtasi Sudan shtammi bilan bog‘liq bo‘lgan.