2023 yil og‘ir bo‘ladi, biroq odamlarda hozircha ish bo‘lar ekan, iqtisodiyot rivojlanishda davom etadi, deb hisoblamoqda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) direktori Kristalina Georgiyeva.

U iqtisodiy prognozlar pasayishini kutmayotganini ma’lum qildi, deb yozmoqda Deutsche Welle gazetasi.

Dunyo iqtisodiyotida og‘ir davr kechayotganiga qaramay, Xalqaro valyuta jamg‘armasi  2023 yilda global iqtisodiyotning o‘sish prognozini pasaytirish niyati yo‘q. XVJ ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva 12 yanvar kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan brifingda shu haqda ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, 2023 yil dunyo iqtisodiyoti uchun navbatdagi og‘ir yil bo‘ladi va inflyatsiyani bartaraf qilishning imkoni bo‘lmaydi, biroq, agar kutilmagan voqealar yuz bermasa, prognozlarni yomonlashtirishga hojat bo‘lmaydi.

XVJ rahbarining ogohlantirishicha, hozirgi dunyo inqirozlarga moyil va xalqaro hamjamiyat eng kutilmagan tahdidlarga, jumladan, iqlim halokatlariga va kuchli kiberhujumlarga tayyor turishi lozim.

Georgiyeva, shuningdek,  neft narxining sakrab ketishi bilan bog‘liq xavotirlar o‘zini oqlamadi, mehnat bozori ham barqarorligini namoyish qilmoqda, degan.

«Ijobiy yangilik shuki, mehnat bozori barqaror. Hozircha odamlarda ish o‘rni bor ekan, ular narxlar yuqori bo‘lishiga qaramay pullarini sarflashda davom etadi va bu iqtisodiyotga yordam beradi», – deya keltiradi Georgiyevaning so‘zlarini Reuters agentligi.

O‘tgan oktyabr oyida XVJ 2023 yilda global iqtisodiy o‘sishni  2,9 dan  2,7 foizga tushirgan edi.