Buyuk Britaniya so‘nggi o‘n yil ichida qayd etilgan eng og‘ir gripp mavsumini boshdan kechirayotgani ma’lum qilindi.
Mamlakat sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot bo‘yicha davlat kotibi Stiv Barklayning aytishicha, gripp erta va tez boshlangan, noyabrdan dekabrgacha yetti baravar ko‘paygan.
– Biz oxirgi yillarda kuzatilmagan gripp mavsumini boshdan kechiryapmiz. O‘tgan yil ayni shu vaqtda gripp bilan kasalxonaga yotqizilganlar soni ellik nafarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil bu ko‘rsatkich besh mingdan oshdi, – deydi S.Barklay britan parlamentida so‘zlagan nutqida.
Axborotlarda qayd etilishicha, gripp epidemiyasi koronavirus hamda “skarlatina” va “streptokokk” kabi boshqa xavfli infeksiyalar bilan birga rivojlanmoqda.
– Gripp masalasi kovid o‘rnini egalladi. 9 mingdan ziyod fuqaro koronavirus yuqtirgan va shifoxonalarga yotqizilgan. “Skarlatina” va “streptokokk” ko‘payishi tez yordam xizmatlariga qiyinchilik tug‘dirmoqda, – deya ta’kidladi Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari.
O‘zA