2022 yil dunyo hamjamiyati uchun ko‘p sohalarda haqiqiy sinov yili bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ekologiya bilan bog‘liq muammolar, Ukraina mojarosi, koronavirus pandemiyasi oqibatlari, iqtisodiy buhronlar qator mamlakatlarda odamlar hayotini qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Natijada hukumatlar muammoni bartaraf qilish maqsadida mamlakatning oltin-valyuta zaxiralarini ko‘proq sarflay boshladi. Yaqinda RIA Novosti dunyo mamlakatlarining markaziy banklari ma’lumotlariga asoslanib, 2022 yilda xalqaro zaxiralarini eng ko‘p yo‘qotgan mamlakatlar ro‘yxatini tuzib chiqdi. Unda Shveysariya xalqaro zaxiralarini eng ko‘p yo‘qotgan mamlakatlar ro‘yxatini boshqarayotgani ta’kidlangan. Xususan, Shveysariya o‘tgan yil yanvar-oktyabr oylarida pul ko‘rinishida 226,6 milliard dollar yo‘qotib, dunyoning trillionerlari ro‘yxatidan chiqib ketgani aytiladi. Yuqorida ko‘rsatilgan davrda dunyoning birorta davlati o‘z zaxiralarini 10 milliard dollardan ortiq ko‘paytira olmagan.
Agentlikning hisob kitobicha, zaxiralari eng ko‘p qisqargan mamlakatlar ro‘yxatida Xitoy ikkinchi o‘rinda bormoqda. Xitoy o‘tgan yilning to‘qqiz oyi davomida 211,5 milliard dollar yo‘qotgan. Uchinchi o‘rinda zaxiralari 211,2 milliard dollarga kamaygan Yaponiya bormoqda. Singapur markaziy bankining xalqaro aktivlari 135,6 milliard, Hindistonniki esa 102,5 milliard dollarga qisqargan. Rossiya o‘tgan yili 83,4 milliard dollar yo‘qotgan va antireytingda oltinchi o‘rinni egallagan. Undan keyingi o‘rinlarda “xavfsizlik yostig‘i” 79,7 milliard dollarga yupqalashgan Gonkong va Janubiy Koreya (-49,1 milliard dollar),Tailand (-44,1 milliard dollar) va Buyuk Britaniya (-42,9 milliard dollar) bormoqda . Shuningdek, 2022 yilning 10 oyida xalqaro zaxiralarini Chexiya (-41,7 milliard dollar yoki zaxirasining chorak qismini), Braziliya (-36,7 milliard dollar), Isroil (-24,4 milliard dollar), Germaniya (-23,9 milliard dollar), Italiya (-20,8 milliard dollar), Fransiya (-19,2 milliard dollar) va AQSH (-18,7 milliard dollar) ham yo‘qotgan.
Shu bilan birga, o‘tgan yilning o‘n oyida zaxiralari foiz ko‘rinishida eng ko‘p tushib ketgan mamlakatlar ro‘yxatining boshida Shri-Lanka (-46 foiz) va Pokiston (-43 foiz) bormoqda. Bu davrda shuningdek, Yangi Zelandiyaning aktivlari qiymati 38 foizga, Mo‘g‘ulistonniki 36 foizga, Singapurniki 32 foizga va Panamaniki 31 foizga tushgan. Qolaversa, bundan buyon Chili 26 foizlik, Chexiya, Gretsiya va Mavrikiya 24 foizlik yo‘qotishning o‘rnini qanday to‘ldirish haqida bosh qotirishga to‘g‘ri keladi. Antireyting yetakchisi Shveysariya foiz ko‘rinishida xalqaro zaxiralarining 20 foizidan ayrilgan. Bu borada Xitoy 6 foiz, Yaponiya 15 foizlik ko‘rsatkichni qayd etmoqda. Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasi o‘tgan o‘n oyda 13 foizga kamaydi, deyiladi maqolada.
Albatta, xalqaro zaxiralari qisqarishi muammosini dunyoning hamma davlatlari ham boshdan kechirgani yo‘q. Moliyaviy nuqtai-nazardan olib qaraganda yilni ijobiy yakunlagan mamlakatlar ham talaygina. Masalan, moliya ekspertlari 2022 yilda 15 ta mamlakat xalqaro zaxiralarini ko‘paytirib olishga muvaffaq bo‘lganini aytishmoqda. Bu borada eng yaxshi ko‘rsatkich Saudiya Arabistoni (7,8 milliard dollar), Turkiya (2,3 milliard dollar), Qatar (1,9 milliard dollar) va Janubiy Afrika Respublikasida (1,1 milliard dollar) qayd etildi, deydi tahlilchilar.
Ta’kidlash joizki, mazkur tahlil dunyoning yuzta mamlakati markaziy banklari ma’lumotlari asosida olib borilgan. Ushbu davlatlar o‘tgan o‘n oy uchun ma’lumotlarni 2022 yil dekabrda e’lon qilgan.
S.Rahimov, O‘zA