O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan o‘tkazilgan MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.

Sammitda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham qatnashdi.

Joriy yildagi hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, bo‘lajak 2023 yil uchun ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

bugungi kunda O‘zbekiston MDH doirasidagi hamkorlikni uch yo‘nalishda: siyosat va xavfsizlik borasida, iqtisodiy va gumanitar sohalarda rivojlantirmoqda.

MDH makonida to‘laqonli erkin savdo hududini shaklantirish va transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash ustuvor vazifalardilar.

Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, oziq-ovqat, energetik va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan milliy dastur va strategiyalarni amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekiston Hamdo‘stlik faoliyatidagi ishtirokini faollashtirdi, 40 dan ortiq ko‘p tomonlama bitimlarni imzoladi hamda MDHning 23 ta tarmoq organlariga qo‘shildi.

2022 yilda O‘zbekistonning Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashi uchdan bir hissaga ortdi, 1 mingdan ziyod qo‘shma korxonalar tashkil etildi.