O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir” deya ta’kidladi.

Shubhasiz, ta’lim sifatini oshirish mamlakatimiz kun tartibida turgan dolzarb masalalardan biridir. Zero, buning zamirida mamlakatni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishga qodir bo‘lgan yetuk mutaxassislarni yetishtirish masalasi mavjud. Shu jihatdan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z Murojaatnomasida ta’limni “Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya” deb ta’kidlagani chuqur strategik ahamiyatga ega.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan lingvistik kontent-tahlil natijalariga ko‘ra, Prezident nutqining asosiy qismi ta’lim-tarbiya sohasini yanada rivojlantirishga bag‘ishlandi. Xususan, “ta’lim” va “maktab” so‘zlari eng ko‘p qo‘llangan so‘zlar qatoridan joy oldi (25 va 23 marta mos ravishda).

Shundan kelib chiqqan holda, quyidagi fikrlarni bildirish mumkin.

Birinchidan, tahlillar shuni ko‘rsatadiki, globallashuv jarayonining tezlashishi dunyoda barcha sohalarda raqobat muhitini yanada kuchaytirmoqda. Zamonaviy dunyoda intellektual va ijtimoiy kapital davlatlar taraqqiyotida tobora muhim o‘rin egallamoqda. Bunday sharoitda zamonaviy cifatli bilim berishga asoslangan ta’limgina mamlakatning raqobatbardoshligini ta’minlaydi. Ushbu jarayonda nostandart, kreativ va tanqidiy fikrlash, yuqori intellektual salohiyatga ega bo‘lgan mutaxassislarga talab ortadi.
Bu esa bevosita ta’lim sifatini oshirish bilan bog‘liq uzluksiz jarayondir.

Ikkinchidan, qayd etish lozimki, sifatli ta’limni amalga oshirish va yuqori natijalarga erishish nafaqat sohadagi mutaxassislardan balki jamiyatning har bir a’zosidan katta mas’uliyat hamda fidoyilikni taqozo etadi. Shu ma’noda, Murojaatnomada o‘qituvchi-pedagoglar maqomini yanada ko‘tarish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni mamlakat Konstitutsiyasida alohida belgilash zarurligi ta’kidlangani diqqatga sazovor. Ayni paytda, davlat Rahbari ta’lim-tarbiya keng jamoatchilikning amaliy harakatiga aylanishi kerak, degan o‘ziga xos da’vatni ilgari surdi.

Uchinchidan, Murojaatnomada ta’kidlangan muhim jihatlardan yana biri – bu 2023 yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilishdir. Bu borada yangi darsliklar ishlab chiqilishi, ilg‘or ta’lim standartlari va metodikalarini joriy etish uchun alohida ilmiy institut va laboratoriyalar tashkil qilinishi ta’kidlandi. Albatta, ta’limda yuqori natijalarga erishish maktablarda o‘quvchi va o‘qituvchilarga qulay va zamonaviy sharoitlar yaratishni talab etadi. Murojaatnomada bu jihatga ham alohida e’tibor qaratildi, jumladan, 2023 yilda 70 ta yangi maktab qurilishi, 460 ta maktab kengaytirilishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, kelgusi yilda xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanishi, yaqin besh yilda esa ularning soni 1 mingtaga yetkazish rejalashtirilayotgani qayd etildi.

To‘rtinchidan, Prezident o‘z nutqida ta’lim sifati bevosita bitiruvchilarning zamonaviy malaka va kasb-hunar ko‘nikmasiga ega bo‘lishi bilan uzviy bog‘liq ekanini ta’kidladi. Bu borada mavjud 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarurligi ko‘rsatildi. Shuningdek, 2023 yildan boshlab yangi dastur asosida har bir viloyatda 1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy etilishi, kelgusi besh yilda esa barcha kollej va texnikumlar ushbu tizim bilan qamrab olinishi belgilandi. Ayni vaqtda, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish maqsadida kimyo sanoati, elektr texnikasi, transport va energetika sohalarida alohida Muhandislik maktablari tashkil qilinishi va bu orqali yangi zamon injenerlari tayyorlash tizimini yaratish vazifasi qo‘yilgani diqqatga sazovor.

Beshinchidan, Murojaatnomada oliy ta’lim sohasida qisqa muddatda amalga oshirilgan ishlarga ham e’tibor qaratildi. Xususan, so‘nggi yillarda mamlakatimizdagi oliygohlar soni 2,5 barobarga (ularning umumiy soni 198 taga yetdi), qamrov darajasi esa 4 barobordan ziyodga ortgani ta’kidlandi (9 foizdan 38 foizga). Ayni vaqtda, oliygohlar o‘z jozibadorligini oshirish uchun o‘zlari harakat qilishlari, jumladan, rektorlar, professor- o‘qituvchilar bu jarayonlarda faol bo‘lishlari, zamonaviy, ilg‘or o‘qitish uslublarini joriy qilishlari lozimligiga urg‘u berildi.

Shuningdek, Prezident o‘z nutqida mamlakatda ilm-fan rivojiga ham jiddiy e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi. Bu xususan, quyidagi raqamlarda o‘z aksini topgan: 1) 2022 yilda ilm-fan va innovatsiyalarga 1,5 trln. so‘m yo‘naltirildi va bu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan qariyb 6 barobar ko‘p; 2) olimlarning ish haqi 4,5 barobar oshirildi; 3) nano va biotexnologiyalar, raqamli geologiya kabi 18 ta yangi ilmiy yo‘nalish tashkil etildi. Shu bilan birga, mamlakat oldida turgan muhim ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda olimlar endilikda suv va energiyani tejash, tuproq unumdorligi va hosildorlik, geologiya, sanoat, qurilish kabi dolzarb yo‘nalishlarda aniq natijalar ko‘rsatishlari kerakligi ta’kidlandi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasidagi islohotlar zamonaviy tendensiyalarga mos holda rivojlanib bormoqda. Bu borada sifatli ta’lim mamlakatning muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.

Shubhasiz, sifatli таълим yangi marralarni egallashga olib keladigan eng qisqa va oqilona yo‘ldir. To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur sohadagi tub o‘zgarishlar o‘z natijasini o‘rta va uzoq istiqbolda ko‘rsatadi.


Abror YUSUPOV

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI bo‘lim rahbari