Ularni hal qilishga barchamiz birdek harakat qilishimiz lozim 1990 yil 18 dekabr kuni BMTning Barcha mehnatkash-migrantlar va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilingan.

Konvensiyaning 10 yilligi munosabati bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2000 yilda 18 dekabr – Xalqaro migrantlar kuni deb e’lon qilindi.

Ushbu sananing xalqaro miqyosda alohida belgilanishi bejiz emas. Bu omil butun dunyoda mehnat migrantlari sonining keskin oshishi, migratsiya masalalarining iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy jihatdan muhimligi bilan izohlanadi.

bugungi kunda dunyo bo‘yicha taxminan 281 million nafar mehnat migranti mavjud bo‘lib, ular dunyo aholisining 3,6 foizini tashkil qiladi.

2022 yilgi statistik ma’lumotlarga qaraganda, chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi o‘zbekistonlik mehnat migrantlari soni o‘rtacha 2,4 million kishini tashkil etadi. Shundan 568,5 ming nafari (24,1 foiz) ayollar, 827,1 ming nafari (35,1foiz) yoshlardir.

“Migratsiya” lotin tilidan kelib chiqqan so‘z bo‘lib, insonlarning bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib o‘tishini anglatadi. BMTning Barcha mehnatkash-migrantlar va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq, o‘zi fuqarosi hisoblanmagan davlatda haq to‘lanadigan faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxs – mehnatkash migrant hisoblanadi.

Migratsiya – bir qator omillar tufayli yuzaga keladigan global hodisa.  Migratsiya – insonning o‘zi va farzandlari uchun munosib, xavfsiz va tinch hayotga intilishi tufayli o‘z vatanidan ko‘chib chiqishidir.

Mehnat migrantlari nafaqat xorijiy davlat, balki o‘zlari mansub bo‘lgan davlat iqtisodiyoti rivojlanishiga ham katta hissa qo‘shadi. Shu sababli mehnat migrantlari uchun qulay sharoitlar yaratish barcha hukumatlarning kun tartibidagi masala bo‘lishi kerak.

Dunyoda migratsiyaning kengayishiga bir qator omillar sabab bo‘lmoqda. Bunda, jumladan, sayyoramizning turli nuqtalarida yuz berayotgan urushlar, siyosiy va iqtisodiy inqirozlar, har xil tabiiy ofatlar yoki atrof-muhitdagi salbiy o‘zgarishlar asosiy o‘rin tutadi.

Shunday paytda boshqa xorijiy mamlakatlarga ko‘chib borgan mehnat migrantlari huquqlarining kafolati, qabul qiluvchi davlat tomonidan mehnat migrantlari xavfsizligi, inson huquqlarining ta’minlanishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Ushbu huquqlar mehnat migrantlarini qabul qiluvchi davlat tomonidan kafolatlanishi lozim.

Chunki hech bir rivojlangan davlat yoki rivojlanayotgan davlat o‘z hayotini mehnat migrantlarisiz tasavvur qila olmaydi.

Mehnat migrantlari qabul qiluvchi davlatdagi ishchi kuchi bilan bog‘liq muammoni hal qilib, ushbu davlatdagi ishlab chiqarish, sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalarining bir maromda ishlashini ta’minlaydilar.

Shu ma’noda, mehnat migrantlari duch keladigan ba’zi muammolarni tushunishga, ularni hal qilishga barcha birday harakat qilishi lozim.

Avvalambor, mana bu savollarga javoblar topish talab etiladi.

Ya’ni: nega ular ko‘chib ketishdi? Ularning yo‘l kira narxi qancha va ular bu xarajatlarni qanday to‘lashgan? Ular qanday mehnat va yashash sharoitlariga duch kelishadi? Ular va’da qilingan ish haqini o‘z vaqtida oladimi? Ularning shaxsiy hayoti hurmat qilinadimi? Ular o‘z oilalarini qanchalik tez-tez ko‘rib turadilar? Agar ular o‘z ishlaridan norozi bo‘lsa, o‘z xohishlari bilan chiqib ketishlari mumkinmi? Agar ularga yomon munosabatda bo‘linsa, shikoyat qilishlari mumkinmi?

Albatta, ushbu muammolar barcha mehnat migrantlari faoliyatida mavjud. Shu bilan birga, ko‘plab mehnat migrantlari odam savdosi yoki majburiy mehnat qurboni bo‘layotganidan ko‘z yuma olmaymiz.

Afsuski, dunyoning boshqa ko‘plab joylarida bo‘lgani kabi, Markaziy Osiyo mintaqasidan borgan ko‘plab mehnat migrantlarining pasportini olib qo‘yish, ularni dam olish va harakat erkinligidan mahrum qilish, ish haqi to‘lashni kechiktirish odatiy “amaliyot”ga aylanib qolgan.

Shu bilan birga, mehnat migrantlari jinoyat yoki inson huquqlari buzilishi qurboni bo‘lsalar-da, kamdan-kam hollarda ularga jabrlanuvchi sifatida qaraladi. Aksariyat hollarda migrantlar deportatsiya qilinishdan qo‘rqib, shu kabi kamsitishlarga sabr va toqat etadilar.

Shunday qilib, xalqaro mehnat standartlariga muvofiq adolatli migratsiya siyosatini ishlab chiqish va uni amalga oshirish, shuningdek, migratsiya faoliyatining qonuniy asoslarini takomillashtirish hozirgi kunning dolzarb masalalaridandir.

Bu dolzarb masala mamlakatimizning inson huquqlari va boshqa xalqaro majburiyatlarini hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalari ijrosini ta’minlashda ham katta ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda mehnat migrantlari huquqlarini ta’minlash, ularga qulay sharoitlar yaratish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, xorijga ishlash uchun ketmoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun xavfsiz va ishonchli mexanizm ishlab chiqildi. Bunda fuqarolar xorijga ishlashga ketmoqchi bo‘lgan vaqtidan boshlab, ularga mamlakat hududida kasbiy ko‘nikmalar va xorijiy tillar o‘rgatilmoqda.

Xorijda ishga joylashish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash uchun migrantlarga mikroqarzlar berish, xorijda ishlab yurgan mehnat migrantlariga huquqiy, ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatish tizimi shakllantirildi.

O‘zbekistonga qaytgan mehnat migrantlarining bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lganlarga moddiy yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Tashqi mehnat migratsiyasini qonuniy asoslarda tashkil qilish, davlatlarning ushbu sohada samarali hamkorlikni amalga oshirishi hamda migratsiya bo‘yicha xalqaro standartlarga amal qilish mehnat migrantlari huquqlari ta’minlanishininig asosiy shartlaridan hisoblanadi. bugungi kunda mamlakatimizda «Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, loyihada tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi asosiy prinsiplar, tashqi mehnat migratsiyasi sohasini tartibga solish, fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi mehnat faoliyatiga doir huquqlari, ular huquqlarini himoya qilish, faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va boshqa masalalar o‘rin olgan.

Shunday ekan, keling, 18 dekabr kuni mehnat migrantlari o‘zga yurtlardagi og‘ir sharoitlarda o‘z oilalari obodligi va jamiyatimiz farovonligi uchun halol mehnat qilayotganini e’tirof etaylik.

Yanada muhimi, bu borada jafokash yurtdoshlarimizga qanday amaliy ko‘magimiz tegishi  mumkinligi haqida yana bir marta o‘ylab ko‘raylik.

Rustam Atovulloyev,  

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh yuriskonsulti