Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hamda Xitoy Fanlar Akademiyasining Sinszyan ekologiya va geografiya instituti tomonidan “Yashil Orol dengiziga yo‘l: Innovatsiyalar va hamkorlik” mavzusida xalqaro yosh olimlar forumi o‘tkazildi.

Forum xalqaro Ilmiy Tashkilotlar Alyansining Cho‘llanishga qarshi kurash assotsiatsiyasi (ANSO-ACD), ANSO Yashil Orol dengizi ilmiy tashabbusi xalqaro dastur idorasi (ANSO IPO), Qurg‘oqchil yerlar ekobiomalarining O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma asosiy laboratoriyasi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, tegishli vazirliklar, qo‘mitalar, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Forum ilm-fan va texnologiya orqali Orol dengizining yashil va barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Orol dengizi havzasini barqaror rivojlantirishga intilayotgan yosh iste’dodlar uchun xalqaro almashinuv va hamkorlik platformasini taqdim etadi, ilmiy va texnologik rivojlanishning so‘nggi tendensiyalari bilan o‘rtoqlashadi. Fanlarning o‘zaro ta’siri va integratsiyasiga ko‘maklashish, yosh olimlarning yashil Orol dengizini rivojlantirish bo‘yicha innovatsiyalarini rag‘batlantirish va Orol dengizining ekologik boshqaruvi uchun iqtidorlilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Sessiyalarda Orol dengizi havzasining barqaror rivojlanishi, yashil va innovatsion texnologiyalarning ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy ishlar olib borayotgan yosh olimlar, akademiklar ma’ruza qildi.

–Joriy yilning mart oyida “Toshkent irrigatsiya va suv xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari instituti” Milliy ilmiy – tadqiqot universiteti, Xitoy Fanlar Akademiyasining Sinszyan ekologiya va geografiya instituti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi o‘rtasida Orol dengizining yashil va innovatsiya hududi to‘g‘risida uch tomonlama memorandum imzolangan edi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Kamalatdin Idirisov. – Memorandumda ko‘rsatilgan hamkorlik yo‘nalishlaridan biri sifatida xalqaro seminarlar, ilmiy konferensiyalar va boshqa seminar tadbirlarini birgalikda tashkil etish, ilmiy va texnik kadrlar tayyorlash ko‘rsatilgan.

Tadbir doirasida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ekspertlar va hukumat vakillari fikr almashdi. Orol dengizi ekologik boshqaruvining fan va texnologiyalarga bo‘lgan ehtiyoji, yosh olimlarning salohiyatini oshirish yo‘llari, ularning Orolbo‘yida  innovatsiyalarni rivojlantirishda qanday rol o‘ynashi muhokama qilinib, yosh ishtirokchilar bilan suhbatlar tashkil etildi. Yetakchi mutaxassislarni yetishtirish maqsadida 2 nafar yosh olim nomzodi tanlab olindi. Ularga “Yashil Orol dengizining innovatsiyalar va hamkorlik” mukofoti  topshirildi va CAS (XIEG) ularning Xitoyda qisqa muddatli malaka oshirishni moliyalashtirishni o‘z zimmasiga oldi.


Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA