Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda poytaxtimizda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi.

Jumladan, Olmazor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida yashovchi 6 nafar shaxs o‘zaro kelishgan holda Chilonzor tumanida joylashgan ko‘chmas mulk inshootini soxta hujjatlardan foydalangan holda, go‘yoki o‘zlariga tegishli ekanligini aytib, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga uning 150 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘ini o‘zlashtirmoqchi bo‘lgan vaqtlarida qo‘lga olindi.

Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Toshkent viloyatining Bekobod va Bo‘ka tumanlarida yashovchi, Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalaridan birining 2 nafar talabasi arizachining ukasini O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa holatda esa Sergeli tumanida yashovchi, 1984 yilta tug‘ilgan shaxs mansabdor tanishlari orqali Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi fuqaroning Butunrossiya davlat adliya universitetini tamomlaganligi to‘g‘risidagi diplomini nostrifikatsiya qilish bo‘yicha imtihondan o‘tishida yordam berish evaziga undan 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zA