Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Anqaraga rasmiy tashrif bilan kelgan Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodinni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Rossiya parlamenti delegatsiyasi, shuningdek, Turkiya Buyuk Millat Majlisi spikeri Mustafo Shentop bilan ham muzokara o‘tkazgan. Uchrashuv yakuniga ko‘ra, tomonlar parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olganliklari aytiladi.

Har ikki tomon Moskva va Anqara o‘rtasidagi munosabat yuqori darajada ekani, bunda davlat rahbarlari Vladimir Putin va Erdog‘anning shaxsiy aloqasi muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

“O‘rtamizda ishonch muhiti vujudga kelishida prezidentlarimizning do‘stligi muhim ahamiyatga ega. O‘ylaymanki, ular bizga belgilab bergan mas’uliyat, mavjud yuksak darajadagi munosabat parlamentlararo aloqani rivojlantirish ishida ham davom etadi”, dedi Shentop.

O‘zA