“Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi, Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlovchi jamoatchilik guruhi a’zolari tomonidan “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan tegishli vazifalarning ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi natijalariga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari, Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlovchi jamoatchilik guruhi a’zolari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, 21-23 noyabr kunlari “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi, Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlovchi jamoatchilik guruhi a’zolari tomonidan 2022 yil uchun tasdiqlangan Davlat dasturining 253, 254, 307 va 308-bandlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan jamoatchilik monitoringi tadbirlari o‘tkazilgan edi.

O‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi natijasida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar aniqlandi. Jumladan,  joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha jami 5340 nafar xotin-qizni tadbirkorlik markazlarida o‘qitish rejalashtirilgan bo‘lsa, shundan o‘tgan 10 oy davomida 2976 nafari o‘qitilgan. Shuningdek 697 nafarining bandligi ta’minlangan, 194 nafari o‘zini o‘zi band qilgan, 37 nafari tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va 466 nafari kredit bilan ta’minlangan.

O‘rganishlar davomida Amudaryo, Beruniy hamda Bo‘zatov tumanlarida xotin-qizlar tadbirkorlik bo‘yicha o‘qitilmaganligi aniqlandi. Amudaryo, Beruniy, Bo‘zatov, Kegeyli, Taxiatosh, Taxtako‘pir, To‘rtko‘l hamda Shumanay tumanlarida tadbirkorlikka o‘qitilgan xotin-qizlarning bandligi ta’minlanmagan. Ushbu tumanlarda xotin-qizlarning o‘zini o‘zi band qilish choralari ko‘rilmagan  va imtiyozli kreditlar berilmagan.

Tadbirkor sifatida faqat Ellikqal’a tumanida 37 nafar xotin-qiz ro‘yxatdan o‘tgan. Amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar tegishli davlat organlari bilan hamkorlikda o‘rganilib, monitoring ishlari olib borilmagan, ularning natijasi nazorat qilinmaganligi qayd etildi.

Ushbu masalalar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar ko‘mitasi raisi M.Axmedovaning axboroti tinglandi.

Tadbir so‘ngida kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Dovud ABIBULLAEV,

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA