Aholiga, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatishda, sudlarga murojaat qilishda yengilliklar hamda qulayliklar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan sudlarga murojaat qilinganda to‘lanadigan davlat bojining miqdorini kamaytirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Unda sud ish yuritishni taraflar kelishuv bitimi tuzganligi sababli tugatganda, to‘langan davlat bojining 50 foizi qaytarilishi belgilanmoqda.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga mulkiy tusdagi da’vo arizalari bilan murojaat qilinganda jismoniy shaxslar da’vo bahosining 1 foizi, yuridik shaxslar 2 foizi miqdorida davlat boji to‘lashi belgilanmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslar bir xil miqdorda, ya’ni da’vo bahosining 4 foizi miqdorida davlat boji to‘lab kelmoqda.

Iqtisodiy sudlarda mulkiy tusdagi da’vo arizalaridan undiriladigan davlat bojlarining tabaqalashtirilgan miqdorlari belgilanmoqda. Bunda da’vo bahosining 2 foizidan 0,5 foizigacha tabaqalashtirilgan miqdorlar belgilanmoqda.

Yuridik shaxslar hamda tadbirkorlik sub’ektlari ma’muriy sudlarga ariza berishida davlat boji stavkasi 2 baravarga kamaytirilmoqda.

Mulkiy tusdagi da’vo arizalari sud tomonidan ko‘rib chiqilganligi uchun undiriladigan davlat bojlarining yuqori miqdorining chegarasi belgilanmoqda. Avval undiriladigan davlat bojlarining yuqori chegarasi belgilanmagan edi.

Soliq organlari qarori ustidan ariza (shikoyat) manfaatdor shaxsga o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran uch yil ichida sudga berilishi mumkinligi belgilanmoqda. Bu muddat amalda uch oyni tashkil etadi.

Qonun loyihasida ko‘zda tutilgan yengilliklar vaqti kelib kuchga kirishi aholi manfaatlariga xizmat qiladi. Loyihaning yanada takomillashishi esa bildiriladigan takliflarga ham bog‘liq.

N.Abduraimova,  

O‘zA