2022 yil 19 noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Dastlab senatorlar joriy yilning 27-28 oktyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan MDH Parlamentlararo Assambleyasining (PA) kuzgi sessiyasi yakunlarini muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, MDH PA kuzgi sessiyasining (sayyor) Assambleya faoliyatida birinchi marta Sankt-Peterburgdagi qarorgohidan tashqarida, ya’ni mamlakatimizda o‘tkazilishi, avvalo, O‘zbekistonda olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatning, qolaversa, parlament diplomatiyasining yutug‘i sifatida halqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. Unda ko‘rilgan masalalar, kelishuvlar, parlamentlararo o‘zaro muloqot taraflarning manfaatlarini hisobga olish hamda hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

Assambleyaning asosiy faoliyat yo‘nalishi namunaviy qonun ijodkorligi hisoblanib, hamdo‘stlik mamlakatlari parlamentlari a’zolarining MDH PA maydonidagi o‘zaro hamkorligi tufayli jamiyat hayotining turli sohalaridagi muammolarni hal qilishda kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga erishilmoqda.

MDH PA a’zo mamlakatlari tomonidan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan model qonunlarni qabul qilish ishtirokchi davlatlar uchun majburiy emas. Ular milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda qonunchilikka implementatsiya qilinishi mumkin.

MDH PA faoliyatining 30 yil davomida a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bilan bog‘liq dolzarb masalalarni birgalikda muhokama qilish, qarorlar qabul qilish uchun samarali maydon vazifasini o‘tadi va u ko‘p tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishning xalqaro miqyosda tan olingan instituti hisoblanadi.

Samarqand shahrida o‘tkazilgan kuzgi sessiya doirasida parlamentlar a’zolari tomonidan saylov, referendum va ularni kuzatish to‘g‘risidagi ko‘plab namunaviy qonunlar, shuningdek, xavfsizlik, fan va ta’lim, intellektual faoliyat, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalarga oid 40 dan ortiq namunaviy hujjat ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, senatorlar MDH mamlakatlarining yosh parlamentlari a’zolari Yoshlar parlamentlararo assambleyasi majlisiga to‘planishi ham o‘ziga xos ahamiyatga ega ekanligiga to‘xtaldilar.

Unda, xususan, mamlakatimiz parlamentining ikkala palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentlari a’zolari tomonidan ilgari surilgan yoshlar o‘rtasidagi ishsizlikni qonunchilik yo‘li bilan tartibga solish orqali hal etish hamda ishlamaydigan va ta’limga jalb etilmagan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish kabi tashabbuslar ishtirokchi davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

MDH PA huzurida Ekologiya va tabiatdan foydalanish bo‘yicha ekspert kengashini tuzish bo‘yicha tashabbus qo‘llab-quvvatlandi.

Ta’kidlanganidek, keskinlik va noaniqlik kuchayib borayotgan, o‘zaro muloqot va ishonch yetishmayotgan, xalqaro munosabatlarda noaniqlik kuchayayotgan sharoitda aynan parlament va xalq diplomatiyasi davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash va ko‘p qirrali munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng yalpi majlisda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, Qonun notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonlarini tubdan soddalashtirish, davlat bojidan ozod qilish, davlat bojini undirishning o‘ziga xos xususiyatlariga aniqlik kiritish orqali insonlarga yengillik yaratishga qaratilgan.

Qonun bilan vafot etgan fuqaroning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minotiga nisbatan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomani berishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishi belgilangan bo‘lib, bu borada yuzaga kelayotgan muammolar hal etilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan to‘lovlar miqdorini fuqarolar uchun tushunarli tarzda bayon etilishini hamda shaffofligini ta’minlash maqsadida davlat boji stavkalari optimallashtirilgan.

Qonunga asosan mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik yoki unga o‘zgartirishlar kiritganlik uchun belgilangan davlat boji miqdorlari ikki barobarga kamaytirilgan.

Garov, ipoteka va lizing shartnomalarini, qarz shartnomalarini hamda avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun tabaqalashgan davlat boji stavkalari birxillashtirilib, yagona stavka miqdorida belgilangan.

Qonun bilan avtomototransport vositalarini boshqarishga va tasarruf qilishga oid ishonchnomalar, shuningdek, avtomototransport vositalaridan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun qarindoshligi bo‘lmagan boshqa shaxslardan undiriladigan davlat boji miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobaridan 2 barobariga kamaytirilgan.

Bundan tashqari, fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasini tuzishda va ijro etishda ehtimoliy nizolarni oldining olish, sudlardagi ish yuklamasini kamaytirish maqsadida, Qonun bilan chet el valyutasida ushbu turdagi shartnomalarni notarial tartibda rasmiylashtirishda davlat boji miqdorini ikki baravarga kamaytirish nazarda tutilgan.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi davlat bojini hisoblash va undirishdagi ayrim tushunmovchiliklar oldi olinishi, notariuslar tomonidan davlat boji bo‘yicha imtiyozlarni to‘g‘ri qo‘llashni hamda fuqarolar uchun davlat boji to‘lovlari yuzasidan yengillikni ta’minlaydi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish orqali ularga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa turdagi yordam ko‘rsatishga, shuningdek, ularga jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishning huquqiy asoslari yaratilgan.

bugungi kunda ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomalariga doir ishlar tumanlararo ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Xususan, respublika bo‘yicha ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan shu turdagi ishlar oxirgi uch yilda yiliga 8-9 mingtani tashkil etadi.

Hozirda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklariga sabab bo‘lmoqda hamda ushbu toifadagi ishlarga mas’ul bo‘lgan ichki ishlar organlariga bir qator qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Ya’ni, tumanlararo ma’muriy sudlarning faqat viloyat markazlarida joylashganligi va hududlarning markazdan uzoqligi, ichki ishlar organlari xodimining mazkur ish bilan shug‘ullanishi davomida o‘z xizmat joyi uzoq muddat bo‘sh qolishi, shuningdek, shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish amaliyotini fuqarolarga qulayliklar yaratish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqilishini taqozo etmoqda.

Shu bois Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslariga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Jumladan, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish bilan bog‘liq ishlar ma’muriy sud vakolatidan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga berilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi natijasida ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyi bo‘lmagan shaxslarni ushlab turish va reabilitatsiya qilishga qaratilgan faoliyatining samaradorligi oshishiga erishiladi hamda fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qo‘yiladi va moddiy resurslarning tejalishiga olib keladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlisda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan davlat organlari va tashkilotlarida genderga oid audit o‘tkazishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.

Xususan, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida, jumladan, kadrlar siyosatini olib borishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi holatini, shuningdek, genderga doir kompleks yondashuvni o‘rganish va baholash faoliyati genderga oid audit sifatida belgilanmoqda.

Auditni o‘tkazishning asosiy vazifalari – davlat organlari va tashkilotlarida xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbatini hamda genderga doir kompleks yondashuv asosida tashkil etganligi holatini o‘rganish, shuningdek, gender tenglikni ta’minlash sohasidagi qonunchilikning ijro etilishini baholash etib belgilanmoqda. Shu bilan birga, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.

Qonunda genderga oid audit uch yillik rejaga asosan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida jamoatchilik nazorati doirasida o‘tkazilishi, uning natijalariga doir axborot va takliflar Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasiga (Komissiya) yuborilishi aks etmoqda.

Genderga oid audit natijalari to‘g‘risidagi axborot O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Shuningdek, Komissiyaga xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirishga, xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida gender tenglikka erishishga, oilani mustahkamlashga, onalik, otalik hamda bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish, gender tenglikni, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlarning joriy holatini o‘rganish, mavjud muammolarni tanqidiy jihatdan tahlil qilish va bartaraf etish choralarini ko‘rish, genderga oid auditni o‘tkazish rejasini tasdiqlash va genderga oid auditni o‘tkazish uslubiyatini belgilash  bo‘yicha vakolatlar berilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Bundan tashqari, senatorlar “Korporativ boshqaruv tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qQonunni muhokama qildi.

Muhokama jarayonida keyingi yillarda mamlakatimizda qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.

Xususan, davlat ishtirokidagi korxonalarda zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillarini keng joriy etish, daromadlarni oshirish, islohotlar jarayonida xususiy kapital ishtiroki uchun kengroq imkoniyatlar yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha samarali tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Sohada olib borilayotgan islohotlarning huquqiy asoslari mustahkamlab borilmoqda.

Qonun bilan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ya’ni, ularda kuzatuv kengashining mustaqil a’zolarini kiritish talabi, mustaqil a’zolikka nomzodlarni ko‘rsatish tartibi, mustaqil a’zolarga qo‘yiladigan talablar hamda ularning reyestrini yuritish va uni oshkor etib borish bilan bog‘liq normalar o‘z aksini topmoqda.

Qonun korporativ boshqaruvning zamonaviy standart va usullarini joriy etishi, korxonalarni strategik boshqarishda kuzatuv kengashining rolini kuchaytirishga qaratilgan.

Senatorlarning ta’kidlashicha, Qonunning qabul qilinishi jamiyat kuzatuv kengashi tarkibiga mustaqil a’zolar ko‘payishiga, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishga, jamiyatlarda zamonaviy menejment va korporativ boshqaruv usullarini joriy etishga, kuzatuv kengashi tarkibiga professional mutaxassislarni jalb etishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, jinoyat-ijroiya amaliyoti tahlili va jamoatchilik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot natijalari mahkumlarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish, ularni saqlash shart-sharoitlarini yanada yaxshilash hamda xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida mehnatga jalb etilgan mahkumlarga haq to‘lanadigan ishlash davrini ularning umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblash zarurligini ko‘rsatmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 28 yanvardagi “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan mazkur Qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

Qonun bilan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga va Jinoyat-ijroiya kodeksiga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning umumiy mehnat stajiga ishlangan hamda ijtimoiy soliq to‘langan davrni qo‘shib hisoblashni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun bilan ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning ish stajiga ishlangan va ijtimoiy soliq to‘langan davr qo‘shib hisoblanishi, shuningdek, mahkumlarga nisbatan g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoxud jazo turlarining qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, qolaversa, mahkumlarning tarjimon bilan bir qatorda surdotarjimonning xizmatidan foydalanishi huquqi hamda mahbuslarga nisbatan tinchlantirish ko‘ylagini qo‘llash mumkin emasligi qat’iy belgilanmoqda.

Shu bilan birga ozodlikdan mahrum etilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan umumiy turar joylar maxsus vositalar va moslamalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerakligi nazarda tutilyapti. Yana bir muhim jihat – mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligini belgilash mezonlari, mahkumlarni rag‘batlantirish masalalari, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar ishdan bo‘sh soatlarda, tungi dam olish uchun ajratilgan vaqtdan tashqari, kinofilmlar va teleko‘rsatuvlar ko‘rish huquqi aniq belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi mahkumlarni muassasada ishlagan ish stajini umumiy ish stajiga qo‘shish orqali ularga kelgusida pensiya olish imkoniyatini yaratishga va, eng asosiysi, mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligini belgilovchi qat’iy mezonlarni belgilash orqali ularning xulq-atvorini baholashda korrupsion omillar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatning 35-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Mazkur Qonun bilan “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi, “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi, “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi va “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qonun bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining tadbirkorlik sub’ektlari ustidan amalga oshirilgan ayrim nazorat funksiyalari bekor qilinmoqda.

Xususan, hududda jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni ta’minlash, kommunal xizmatlar to‘lovi va majburiy badallarni to‘lash bo‘yicha qarzlarni undirish to‘g‘risida da’volar bilan sudga murojaat qilish, tibbiy yordam sifatining klinik-statistik standartlariga rioya etilishini nazorat qilish, yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati hamda xavfsizligi, ularni saqlash sharoitlari ustidan davlat nazoratini amalga oshirish hamda Davlat bojxona ko‘mitasining chet davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan va O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha foydalanilayotgan transport vositalarining egalari tomonidan majburiy sug‘urta bo‘yicha qonunchilikda belgilangan majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilish funksiyasi Qonun bilan bekor qilindi.

Qonunga ko‘ra, Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining hisobini elektron tarzda yuritilishini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasidagi sohalar bo‘yicha belgilangan tartibda taqdim etilgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining qonunchilik talablariga muvofiqligi ro‘yxati asosida shakllantiriladigan majburiy talablarning elektron reyestrini yuritish kabi vakolatlari berildi.

“Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, auditorlarni sertifikatlashni tartibga solishda Hukumat va Moliya vazirligining nazorat qilish roli yanada qisqartirilmoqda hamda mazkur sohani bevosita kasbiy hamjamiyat tomonidan rivojlantirish uchun vazifalar auditorlarning respublika jamoat birlashmalariga o‘tkazilmoqda.

Qonunni ishlab chiqishda ilg‘or xorijiy davlatlarning ijobiy tajribasi tahlil qilingan bo‘lib, uning qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini huquqiy kafolatlashga, ular faoliyatiga asossiz aralashuvga chek qo‘yishga hamda mamlakatimizda kichik va xususiy biznesni rivojlantirishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shu bilan birga, Senatning 35-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosarini saylash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalalalar ko‘rib chiqildi.

Senatorlar muhokama natijasida Shuxrat Tagaymuratovich Polvanovni sudyalik lavozimida bo‘lishning navbatdagi o‘n yillik muddatiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga besh yil muddatga sayladi.

Shundan so‘ng senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.

Senatning qabul qilingan qaroriga muvofiq Gulnora Anvarovna Mirzayeva, Abdikamal Abdimalikovich Abdikarimov va Askar Tanirbergenovich Bekmanov Oliy sudning sudyasi lavozimiga o‘n yillik muddatga saylandi.

Shuningdek, M.A.Nazarov, J.I.Gaybullayev, B.A.Naimov, A.K.To‘xtashev Oliy sudning sudyasi lavozimidan ozod etildi.

Oliy Majlis Senatining o‘ttiz beshinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 18 ta masala, shu jumladan, 10 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati