Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarda tizimli muammolarni hal qilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Umuman, kelgusi yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina “Tashabbusli byudjet” orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratilishi belgilandi. Bunda “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun mablag‘lar 3,5 baravarga oshirilib, 8 trillion so‘mga yetkaziladi.
–Shunda adolat bo‘ladi, odamlar o‘zlari hissa qo‘shgan loyihalarni, albatta asrab-avaylaydi, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari mutasaddilar e’tiborini respublika bo‘yicha 1,5 mingta mahalla aholisi birorta loyihaga ovoz bermaganiga qaratdi. Yaqinda mahallalarda raislar saylovi bo‘lib o‘tgani, yangidan saylangan raislar odamlarga va’dalar bergani, lekin taqdim etilayotgan bu imkoniyatdan foydalanmayotganini ko‘rsatib o‘tdi. “Mudrab o‘tirgan” raislarni faollikka chaqirish, kerak bo‘lsa o‘qitish kerakligi ta’kidlandi.
O‘zA