Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan Tashqi ishlar vazirligining 2022 yil uchun byudjet xarajatlari va rivojlantirish dasturlarining maqsadli indikatorlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari E.Hamroyev axborot berdi.

Ta’kidlanganidek, 2022 yilda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 532,2 milliard so‘m mablag‘ rejalashtirilib, ular O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonalarini saqlash xarajatlari hamda chet elda mablag‘siz qolgan fuqarolarni vaqtinchalik mablag‘ bilan ta’minlashga qaratilgan.

Joriy yilning birinchi yarmidagi xarajatlar asosiy vositalar sotib olish bilan yirik ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish vaqtinchalik cheklanganligi sababli 244,1 milliard so‘mni tashkil qilib, yillik ajratilgan mablag‘larga nisbatan 46 foizga bajarilgan.

Hisobot davrida Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti hamda O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari tomonidan 114 ming 367 ta konsullik xizmatlari ko‘rsatildi.

Shuningdek, eksport hajmining barqaror o‘sishini ta’minlash va diversifikatsiya qilish, milliy mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirish uchun standartlashtirish va sertifikatlash kabi yo‘nalishlarda vazirlikning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari viloyatlar va tarmoq korxonalari bilan birgalikda aniq manzilli ishlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, elchixonalar bilan birga yangi eksport hajmlari va yo‘nalishlari bo‘yicha har bir diplomatik vakolatxonaning aniq natijaga yo‘naltirilgan 2022 yil uchun chora-tadbirlar rejalari tayyorlandi va ijrosi ta’minlanmoqda. Natijada O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida 2022 yilning birinchi yarmida 692 million dollarga teng jami 629 ta eksport shartnomasi ishlab chiqildi.

Yig‘ilishda deputatlar vazirlikka maqsadli indikatorlari ijrosiga yetarlicha e’tibor berish, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan aniq va qat’iy choralar ko‘rish bo‘yicha qator takliflar berdi.

O‘zA