Vazirlar Mahkamasining joriy yil 11 mayda «O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilingan.

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun – BHMning 30 baravarigacha (9 mln. so‘mgacha) miqdorida subsidiyalar ajratiladi.

Shuningdek, sug‘orish vositalari xarid qilish uchun – BHMning 10 baravarigacha (3 mln. so‘mgacha) miqdorida, urug‘liklar va ko‘chatlar sotib olish uchun – BHMning 3 baravarigacha (900 ming so‘mgacha) miqdorida subsidiya beriladi.

Qolaversa, ishsiz fuqarolar, kam ta’minlangan oilalar a’zolari va tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarga ularning bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun – BHMning 10 baravarigacha (3 mln. so‘mgacha) miqdorida subsidiya ajratiladi.

«O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tarkibidagi qo‘lda gilam va ipak mato to‘qish bilan shug‘ullanuvchilarga 3 tadan kam bo‘lmagan ish o‘rni yaratish sharti bilan gilam va ipak mato to‘qish dastgohini xarid qilishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun – har bir dastgoh uchun BHMning 10 baravarigacha (3 mln. so‘mgacha) miqdorida subsidiya beriladi.

«Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish» uyushmasi a’zolariga qo‘l mehnati uchun uskunalar xarid qilish bo‘yicha xarajatlarni qoplash uchun kamida bitta ish o‘rni yaratish sharti bilan BHMning 10 baravarigacha (3 mln. so‘mgacha) miqdorida subsidiya beriladi.

Yana bir ma’lumot yuqoridagi hujjat asosida 2025 yil 1 yanvargacha jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravaridan oshmagan (600 ming so‘mgacha) miqdorda bir martalik subsidiya beriladi.

Tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun – 7 million so‘mgacha, xotin-qizlarga 10 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik sub’ekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng dastlabki 3 oy mobaynida olingan bino va inshootning ijara to‘lovini to‘lash uchun – BHMning 10 baravarigacha (3 mln so‘mgacha) miqdorida subsidiya beriladi.

Hunarmandlarning «Hunarmand» uyushmasiga a’zolik badali xarajatlari uchun – a’zolik badali miqdorida, aholi bandligiga ko‘maklashish markazida ro‘yxatdan o‘tgan, tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlayotgan ishsiz shaxslarga – yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun – sarflanadigan xarajatlarni to‘lashda bir martalik subsidiya ajratiladi.

«Usta-shogird» an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan hunarmandlarga (kulollarga) shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlash uchun – 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravaridan (600 ming so‘mdan) kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya beriladi.

Shuningdek, shogirdlarga – mustaqil faoliyat boshlashi uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olish, shuningdek, ustalarga – internet saytlarini tashkil etish, o‘z mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 25 baravari (7,5 mln. so‘m) miqdoridan oshmaydigan qismiga subsidiya ajratiladi.

 

Sh.Mamaturopova,

O‘zA