O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali rahbari S.Daniyarov ishtirokida Qo‘ng‘irot tumanining chekka Yelabad, Qirq-qiz shaharcha fuqarolar yig‘inlari aholisi bilan sayyor qabul o‘tkazildi.

Yelabad shaharcha fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan sayyor qabulda tuman prokurori, 2-sektor rahbari J.Muftullayev, “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi bosh direktori J.Mustafayev, ikkita shaharcha fuqarolar yig‘inlari hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari ishtirok etdi.

Qabul davomida aholini qiynayotgan bandlik, uy-joy bilan ta’minlash, kredit ajratish, subsidiya berish tartibi kabi masalalar yuzasidan murojaatlar qabul qilindi. Murojaatlarning aksariyati joyida bartaraf etilib, muddat talab qilinadiganlarining ijrosi nazoratga olindi.

Tadbirda shuningdek, mazkur mahallalarda faoliyat yurituvchi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari bilan uchrashib, ularning faoliyati samaradorligini baholash reyting ko‘rsatkichlarining bugungi kun holati natijalari tahlil qilindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA