Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari to‘rtinchi yo‘nalishdagi tashabbusda tadbirkorlarning mulk huquqini himoya qilish masalasi haqida gapirdi.
Bundan buyon yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish faqat va faqat sud tartibida amalga oshiriladi.
–Fursatdan foydalanib, barcha hokimlarning e’tiborini bir masalaga qaratmoqchiman – mulk huquqiga oid qarorlarni ular tomonidan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, tadbirkorlarni qiynayotgan yana bir amaliyot – tergov jarayonida mol-mulkni xatlab qo‘yish bilan bog‘liq.

Misol uchun, o‘tgan 3 yilda tergovchilar tomonidan aniqlangan zarardan ikki barobar ko‘p mol-mulk xatlangan (1,5 trillion so‘m).

Endi, har bir xatlovning asosli ekani sud tomonidan ko‘rib chiqiladi, qarorni faqat sud qabul qiladi.

–O‘ylaymanki, shundagina adolat bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zA