“Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Anqara inqiroz va siyosat tadqiqotlari markazi (ANKASAM) hamkorligida “O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy islohotlar: asosiy o‘zgartish va qo‘shimchalar” mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi axborot xizmatidan ma’lum qilinishicha, tadbirda Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi va Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, ANKASAM rahbariyati va yetakchi ekspertlari, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Turkiyaning Ufuk universiteti ilmiy doira vakillari hamda huquq, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar sohasidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi.

Xalqaro davra suhbatini “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda ANKASAM direktori Mexmet Seyfettin Erol moderator sifatida boshqarib bordi.

Dastlab “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov asosiy qonunga kiritilishi taklif etilayotgan tashabbuslar hamda qonun loyihasida aks ettirilishi ko‘zda tutilayotgan o‘zgartishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar, birinchi navbatda, asosiy qonun darajasida inson huquqi va qadr-qimmatini himoya qilish kafolatlari, uning ijtimoiy himoyasi va iqtisodiy farovonligi mustahkamlanadigan Yangi O‘zbekiston qurilishiga qaratilganligi qayd etildi.

Shuningdek, Parlament a’zolari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining jamoatchilik muhokamalari barcha bosqichlari hamda ushbu jarayon tashkil etilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar aytib o‘tildi.

Shundan so‘ng turkiyalik ekspert va mutaxassislarning Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalari tinglandi.

– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar, shuningdek, boshqa ijobiy o‘zgarishlar rivojini halqaro hamjamiyatga yetkazishda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda ish olib bormoqdamiz, – dedi  ANKASAM rahbari Mexmet Seyfettin Erol. – Xususan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan tayyorlangan tahliliy va axborot materiallarining turk tilidagi tarjimasi muntazam ravishda ANKASAM veb-saytida chop etib kelinmoqda. Bu esa, Turkiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari orqali turk hamjamiyatini O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor bo‘lib borishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Djem Karadeli, Anqara inqiroz va siyosat tadqiqotlari markazi (ANKASAM) direktorining bosh maslahatchisi:

– O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq o‘zining keyingi taraqqiyot yo‘li va maqsadlarini aniq belgilab, mamlakatda demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirdi, hozirda esa mazkur jarayon yangi bosqichga ko‘tarildi.  Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining chuqur o‘ylangan ichki va tashqi siyosatni amalga oshirishi, xalqaro maydonda mamlakatning ijobiy imjini shakllantirdi.

Eng muhimi, islohotlarning markazida insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasi turgani bizni quvontiradi. Xususan, mamlakatda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, fuqarolik institutlarini rivojlantirish va so‘z erkinligini ta’minlash borasida muhim yutuqlar qo‘lga kiritilganini e’tirof etish lozim.

Nezaxat Demiray, Turkiyaning Ufuk universiteti dotsenti;

– Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bugungi globallashuv jarayonlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan zarurat hisoblanadi. Muhimi ushbu o‘zgartirishlar jarayonida insonning sha’ni va qadr-qimmati tamoyiliga alohida e’tibor qaratilmoqda. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar xalqaro me’yorlarga mos keladi. Konstitutsiyaviy tuzatishlar loyihasi umumxalq muhokamasiga kiritilishi, aholidan takliflar qabul qilinishi ijobiy holatdir.

Shu bilan birga, o‘lim jazosining Konstitutsiyaviy qonun darajasida bekor qilinishi, Konstitutsiyaviy o‘zgartishlar doirasida qabul qilingan islohotlarni yanada kuchaytirish va kelgusida harakatga keltirish muhim sanaladi.

Emra Kaya Anqara inqiroz va siyosat tadqiqotlari markazi (ANKASAM) xalqaro aloqalar bo‘yicha mutaxassisi;

– O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi jadal rivojlanayotgan davlat hisoblanadi. Xususan, buni Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida ham kuzatish mumkin. Sababi, O‘zbekistonda Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida aholining, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institularining faol ishtirok etayotganligi sezilmoqda.

Bu konstitutsiyaviy islohotlar xalq manfaatlaridan kelib chiqayotgani, jamiyatning keng qatlamlaridan takliflar olinayotganining dalolatidir. Shuningdek, «Inson – jamiyat – davlat» tamoyilining konstitutsiyaviy tarzda mustahkamlab qo‘yilishi davlatning jamiyat oldidagi mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

O‘zA