10 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Senat a’zolari, sud va prokuratura organlarining vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Dastlab senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining vakolatini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risidagi taqdimnomani muhokama qildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Kamilov salomatligi tufayli o‘z xohishi bilan egallab turgan lavozimidan ozod etishni so‘rab murojaat qilgan. Senat majlisda bo‘lib o‘tgan muhokama natijasida uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Shuningdek, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisligiga nomzod muhokama qilindi.

Muhokama yakunida senatorlar tomonidan sud tizimida hamda ma’muriy organlarda rahbarlik lavozimlarida ko‘p yillar mobaynida ishlab kelgan Baxtiyor Djaxangirovich Islamov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi etib saylandi.

Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish masalasi ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuniga ko‘ra Konstitutsiyaviy sudning sudyalari belgilangan muddatga saylanadi.

Qayd etilganidek, amaldagi Konstitutsiyaviy sud tarkibining qonun bilan belgilangan amal qilish muddati joriy yilning avgust oyida tugaydi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan Konstitutsiyaviy sudning yangi tarkibi Senat yalpi majlisida keng muhokama qilindi.

Senatorlar tomonidan ma’qullangan Konstitutsiyaviy sud sudyaligiga nomzodlar yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi. Bunda yangi saylangan tarkib Konstitutsiyaviy sudning amaldagi tarkibi o‘z faoliyatini yakunlaganidan so‘ng ishga kirishishi belgilandi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttizinchi yalpi majlisi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining

 Axborot xizmati