Davlatimiz rahbarining Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvi davom etmoqda.

So‘nggi yillarda fuqarolarimiz tomonidan amaldagi Konstitutsiyani yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘plab taklif va mulohazalar bildirilayotgani qayd etildi.

Xususan, o‘tgan yili Prezident saylovoldi uchrashuvlarida saylovchilar tomonidan Asosiy qonunimizni bugungi hayot talablariga mos holda yangilash masalasi ko‘tarilgan edi.

– Saylovchilarimizning shu boradagi xohish va istaklarini amalga oshirish uchun Oliy Majlis palatalari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, faoliyat boshladi. Qisqa davrda Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Barcha fuqarolarimiz kabi men ham bu muhim jarayonlarni diqqat bilan  kuzatib boryapman. Aholimiz, jamoatchiligimiz vakillarining konstitutsiyaviy islohotlarga befarq bo‘lmasdan, o‘z taklif va mulohazalari bilan faol qatnashayotgani barchamizni quvontiradi, – dedi Prezident.

bugungi kun holatiga ko‘ra, Komissiyaga fuqarolarimizdan 48 ming 492 ta taklif kelib tushgani ham konstitutsiyaviy islohotlar ob’ektiv hayotiy zarurat sifatida kun tartibiga chiqayotganini yaqqol namoyon etmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan tayyorlangan takliflar chuqur muhokamadan o‘tkazilgan va hozirda Qonunchilik palatasiga kiritish bosqichida. Endi qonun, reglament asosida muhokamalardan o‘tkaziladi.

– Men amaldagi Asosiy qonunimizni qabul qilishda ishtirok etgan komissiya a’zosi sifatida oldin ham aytganman: O‘zbekiston Konstitutsiyasi mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuqlarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelmoqda. Buni hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz. Shu bilan birga, bugun shiddatli taraqqiyotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan muhim bir talabni chuqur tushunib olishimiz zarur, – dedi davlatimiz rahbari. – Hozirgi tahlikali zamon, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat ona Vatanimiz taqdiriga yanada ulkan mas’uliyat bilan yondashib, kechiktirib bo‘lmaydigan strategik qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda.

O‘zA