Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini kasb-hunarga o‘qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Yig‘ilishda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ayrim ta’lim yo‘nalishlarini oliygohdan texnikumga berish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Misol uchun, Iqtisodiyot universitetida turizm menejmenti, reklama ishi, mehnat muhofazasi, Transport universiteti va Andijon mashinasozlik institutidagi avtomobil servisi yo‘nalishlarini texnikumlarga o‘tkazish bo‘yicha yetarli baza mavjud. Bunday kasblar o‘nlab topiladi.

Shu bois, texnikumlari mavjud 62 ta oliygoh rektorlariga:

– oliygohlarda o‘qitilayotgan kamida 60 ta yo‘nalishni texnikumlarga o‘tkazish;

– texnikumlarni o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlari va darsliklar bilan ta’minlash;

–texnikumlarda o‘zining kafedralari filiallari va o‘quv laboratoriyalarini tashkil etish topshirildi.

Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab ilmiy darajasi bor texnikum o‘qituvchilarining ish haqi oliygoh o‘qituvchilarinikiga tenglashtiriladi.

O‘zA