Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini kasb-hunarga o‘qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

–Avvalambor, professional ta’limni yangi yondashuvlar asosida tashkil etish shart, – dedi Prezident va bu ishlarni qanday tashkil etishni Angren shahri misolida ko‘rsatib berdi.

Angrenda joriy yilda mehnat bozoriga 3 800 nafar yoshlar kirib keladi, shahardagi 535 ta korxonada ishchi kasblar bo‘yicha 1 915 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud, investitsiya loyihalari hisobiga joriy yilda yana 2 mingdan ortiq o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Yangi tizim orqali 6 ming nafar aholi kasbiy ta’lim bilan qamrab olinadi va manzilli ishga joylashtiriladi.

Yoshlarni kasbga yo‘naltirishga mas’ul bo‘lgan psixologlar ishi umuman sezilmayotgani qayd etildi.

Shu bois Xalq ta’limi vazirligiga:

– o‘z tizimidagi psixologlarni qayta o‘qitish va talabga javob bermaydiganlarini almashtirish;

– 7-11-sinf o‘quvchilarini individual yondashuv asosida kasbiy diagnostikadan o‘tkazish va tavsiyalarini kengashlarga taqdim etish topshirildi.

Shu bilan birga vazirlik oldiga O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish tashxis markazi faoliyatini transformatsiya qilish vazifasi qo‘yildi.

O‘zA