Senat yalpi majlisida xalqaro hamkorlik, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan Senat o‘rtasidagi aloqalar rivojlanayotgani qayd etildi.

Ma’lumki, yaqinda mamlakatimizga bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari tashrif buyurdi. Ularni davlatimiz rahbari qabul qildi va o‘zaro hamkorlikni yanada mutahkamlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva YeXHTning amaldagi raisi, Polsha Respublikasi tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau hamda BMT Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad bilan uchrashdi.

Muloqot davomida ushbu tuzilmalar bilan istiqboldagi rejalar va loyihalar ham muhokama qilinib, hamkorlik aloqalarini kelgusida yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

O‘tgan haftada O‘zbekiston delegatsiyasi Jenevada bo‘lib o‘tgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 110-sessiyasida ishtirok etdi.

– Xalqaro mehnat tashkiloti rahbari Gay Rayder bilan bo‘lgan uchrashuvda u Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar XMTning ratifikatsiya qilingan konvensiyalar tamoyillari va talablari bilan aynan mosligini ta’kidladi, – dedi T.Norboyeva. – O‘zbekiston bilan hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish orqali amaliy aloqalarni davom ettirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi. Delegatsiyamiz Xalqaro intellektual mulk tashkiloti bosh direktori D.Tang bilan ham uchrashdi. Bosh direktor 2022 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi bilan diqqat bilan tanishganini va bu davlat rahbarining mazkur sohaga qanchalik ustuvor ahamiyat berayotganing yorqin misoli deya, baholadi.

Sessiya doirasida “Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini va ularning qarorlar qabul qilishdagi ishtirokni kengaytirish: milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi tajribalar” mazusida bahs-munozara tashkil etilgan. Xorijiy davlatlar hamda xalqaro tashkilotlarning 70 dan ortiq vakillari ishtirok etgan tadbirda  O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash hamda ularning jamiyat hayotining barcha jabhalarida faolligini ta’minlash borasida olib borilayotgan amaliy ishlar bilan tanishtirildi.

Shuningdek, delegatsiya XMTning yangi saylangan bosh direktori Jil’bert Ungbo bilan uchrashdi. Tashkilot bilan hamkorlikda eng nozik masalalar bo‘yicha ham sezilarli natijalarga erishilgani alohida qayd etildi. Tashkilotning yangi rahbari O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamdagi ishlar va amaliy hamkorlik albatta o‘z natijalarini beradi, deya ishonch bildirgan.

Majlisda navbatdagi uchrashuv Paralamentlararo kengash bosh kotibi M.Chungong bilan bo‘lib o‘tishi aytib o‘tildi. Shu yil sentyabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Parlamentlar spiker-ayollarining 14-sammitini yuqori darajada o‘tkazishga tayyorgarlik boshlab yuborilgan. Unda dunyoning 61 nafar ayol-spikerlaridan 50 nafari ishtirok etishi kutilmoqda.

N.Abduraimova,  
O‘zA