Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar hamda Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitalarining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlarini tashkil etish uchun ajratilgan davlat byudjeti mablag‘larining samarali va maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbiri yakunlari muhokama qilindi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va aholi salomatligini muhofaza qilish xizmati, Toshkent va Sirdaryo viloyati ma’sullarining axboroti eshitildi.

– Koronavirus bilan bog‘liq bir qancha cheklovlarning to‘xtatilishi natijasida nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda ijobiy harakatlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sharofiddin Nazarov. – Kasallik avj olgan paytlarda yurtimizda emlash tadbirlarini tizimli va o‘z vaqtida o‘tkazilishiga katta mablag‘lar sarflandi. Shu tadbirlar davomida qanaqa muammolarga duch keldik va ularni bartaraf etish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilgani yuzasidan sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullari tomonidan atroflicha ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlanganidek, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari va respublika muassasalariga koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga 2021 yilda 4 trillion 250,8 milliard so‘m, shundan vaksina sotib olish xarajatlari uchun 1 trillion 941,7 milliard so‘m ajratilgan.

Ushbu emlash tadbirlarini tashkil etish uchun ajratilgan davlat byudjeti mablag‘larining samarali va maqsadli sarflanishi o‘rganilganda Toshkent viloyatiga emlash tadbirlari uchun barcha manbalardan 148,9 milliard so‘m ajratilgan. Mazkur mablag‘larga 1 million 451 ming 501 doza vaksina sotib olingan. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida vaksinatsiya jarayonlariga 531 ming 119 nafar aholi emlash uchun rejalashtirilgan. Shu davrda viloyat bo‘yicha 1 million 426 ming 802 doza vaksina olingan. Shundan 1 million 88 ming 42 doza vaksina sarflangan, hozirda 338 ming 760 doza vaksina qoldig‘i mavjud.

Tadbirda deputatlar aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash harakatlarini tashkil etish uchun ajratilgan davlat byudjeti mablag‘larining samarali va maqsadli sarflanishiga oid savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar olindi.

Shu bilan birgalikda, deputatlar tomonidan mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash jarayonida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning sifati va samaradorligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va koronavirus pandemiyasining oqibatlarini bartaraf etishga oid bir qator tavsiyalar ham berildi.

Tadbir yakunida masala yuzasidan qo‘shma qaror qabul qilindi.

Nigora Rahmonova, O‘zA